Kubok sohiblari tantanali kutib olindi
Qarshi temir yo‘l vokzalida mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qamashilik futbolchilar tantanali kutib olindi.
Marosimda Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, tuman hokimligi mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari, sportchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqaning 12-15 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan respublika bosqichida Qamashi tumanining Samarqand mahallasi yigitlaridan tashkil topgan “Samarqand MFY” jamoasi o‘zining chiroyli o‘yini bilan barchaning e’tiborini qozondi va finalda irodali g‘alabaga erishib, kubok sohibiga aylandi.
[gallery-2827]
Tantanali marosimda futbolchilarning o‘z mahorati, irodasini namoyon etgan holda erishgan g‘alabasi e’tirof etildi. So‘nggi yillarda Qamashi futbolida o‘ziga xos rivojlanish, tendensiya kuzatilayotgani, bu borada ushbu jamoa yigitlarining hissasi ulkan ekanligi ta’kidlandi.
– Yigitlarimiz erishgan bu muvaffaqiyat barchamizni birdek to‘lqinlantirdi, - deydi Qamashi tuman futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nuriddin Poyonov. – Kechagina mahallada yig‘ilib, futbol o‘ynab yurgan oddiy yigitlarning bugun katta turnirda g‘olib bo‘lib qaytayotgani yana yuzlab, minglab yoshlarning qalbida futbolga ishtiyoq uyg‘otishi aniq. O‘ylaymanki, yigitlarimiz shu bilan to‘xtab qolmaydi, ularning ulkan muvaffaqiyatlari hali oldinda. Biz sportchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
Jamshid NORQOBILOV (surat),O‘zA