Kreditni qaytarish kerak, aks holda...
So‘nggi vaqtlarda tijorat banklari tomonidan aholiga turli maqsadlar uchun kreditlar ajratilmoqda. Bank bilan tuzilgan shartnomada kredit foizi, to‘lov muddati va summasi aniq belgilangan bo‘lib, to‘lov jadvali mijozga beriladi.
Shartnomaga asosan kredit to‘lovi belgilangan muddatda va to‘liq qoplanib borilishi zarur, aks holda shartnoma shartlari buzilgan deb topilib, bank mijozdan kreditni muddatidan oldin to‘liq undirish bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin.
Kredit qarzdorligi to‘liq qoplanmasa, undiruv garov mulkiga yoki qarzdorga tegishli bo‘lgan boshqa mol-mulklarga qaratilishi mumkin. Kredit olgan ayrim shaxslar tomonidan shartnoma shartlariga rioya qilmaslik, o‘z mol-mulklaridan ayrilishga sabab bo‘lmoqda.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanlararo sudining 2023 yil 13 fevraldagi hal qiluv qaroriga asosan, qarzdorlar Sh.Zoirov va N.Safarovadan solidar tartibda undiruvchi “Kapitalbank” ATB, “KAPITAL 24” CHBF “Buxoro” Smartbank foydasiga 98.712.802 so‘m kredit qarzdorligi undirish, undiruvni garovga qo‘yilgan Sh.Zoirovga tegishli, oq rangli, 2021 yilda ishlab chiqarilgan “COBALT” rusumli avtomashinaga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning G‘ijduvon tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorlarga ijro hujjati mazmun mohiyati to‘liq tushuntirildi. Bartaraf etish uchun ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsada, ijro hujjati talablari bajarilmagan.
Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan joriy yilning 6 aprel kuni amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor Sh.Zoirovga tegishli bo‘lgan “COBALT” rusumli avtomashina tegishli tartibda xatlandi. Vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Qarzdorlik belgilangan muddat davomida bartaraf qilinmasa, avtomashina “E-auksion” elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilishi haqida qarzdor rasman ogohlantirilgan.
Hozirda avtomashinani sotuvga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Avtomashina sotuvidan tushgan mablag‘lar hisobidan qarzdorlik bartaraf qilinadi.
Zarif Komilov,
O‘zA