Kotibiyat faoliyati yanada takomillashadi
Vazirlar Mahkamasining “YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Bu, avvalo, YUNESKO bilan hamkorlikni yanada takomillashtirish, Umumjahon meros ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlarni muhofaza qilishni kuchaytirish hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati xodimlarini ijtimoiy himoya qilish shart-sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi KOTIBIYATI madaniy va tabiiy merosni tegishli soha mutaxassislarini jalb qilgan holda YUNESKO ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha yagona muvofiqlashtiruvchi hisoblanadi. Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda YUNESKOning grantlari va texnik ko‘maklari hamda ta’lim, fan va madaniyat sohalariga oid loyihalarni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining YUNESKO yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tashabbuslarini ilgari surish doirasida vazirlik va idoralar bajarishi majburiy bo‘lgan topshiriqlar ishlab chiqilishini hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Endi ta’lim, ilm-fan, madaniyat, ommaviy axborot vositalari hamda kommunikatsiyalar sohasidagi YUNESKO faoliyatiga oid barcha normativ-huquqiy hujjatlar va tadbirlar loyihalari, YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va kiritilishi taklif qilingan, shu jumladan ularning bufer zonalarida joylashgan hududlarga tegishli ob’ektlarning manzilli ro‘yxatlari, ushbu ob’ekt va hududlarning qo‘riqlanadigan tegralarida arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish, restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish Kotibiyat bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, YUNESKO konvensiyalari talablari amalga oshirilishi va Milliy komissiya qarorlari ijrosining ta’minlanishi yuzasidan nazorat olib borish hamda ushbu maqsadlar uchun ekspert kengashlari va ishchi guruhlarini tuzish, milliy komissiya qarorlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risida VMga takliflar kiritish, ob’ektlar bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi yaratilishi hamda uning yuritilishi yuzasidan monitoring olib borish, moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini asrashga doir ishlar davomida o‘tkaziladigan davlat nazoratida ishtirok etish hamda tegishli soha mutaxassislarini jalb qilish kabi masalalar ham Kotibiyat vazifasi hisoblanadi.
O‘zA