Korxonaning ikkinchi bosqichi ishga tushirildi
Mustaqilligimizning 24-yillik bayramini keng nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda Termiz shahridagi “NOVA PHARM” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasining ikkinchi bosqichi foydalanishga topshirildi.
Mustaqilligimizning 24-yillik bayramini keng nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda Termiz shahridagi “NOVA PHARM” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasining ikkinchi bosqichi foydalanishga topshirildi.
Termiz shahrida “NOVA PHARM” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasining dastlabki bosqichi ishga tushirilganiga to‘rt yil bo‘ldi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxonada ishlab chiqarilayotgan dori vositalari arzonligi va sifati bilan ajralib turadi.
Prezidentimiz rahnamoligida xususiy sektorning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani xorijlik sarmoyadorlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishida keng imkoniyat yaratmoqda. Bunday muhitdan samarali foydalanayotgan hindistonlik ishbilarmonlarning mahalliy hamkorlar bilan sifatli farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishda yurtimizning janubiy viloyatini tanlagani bejiz emas. Zero, Surxondaryo dorivor giyohlarga boy, noyob shifobaxsh o‘simliklarni yetishtirish uchun qulay iqlim sharoitiga ega hudud. Mahalliy sharoitda shifobaxsh giyohlarni o‘stirish, ko‘paytirish va undan maqsadli foydalanish viloyatda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, jahon bozorida raqobatbardosh, arzon dori vositalari ishlab chiqarish imkonini bermoqda.
Qo‘shma korxona faoliyatining kengaytirilishi mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, davolash-profilaktika muassasalarining arzon, sifatli dori vositalariga bo‘lgan talabini qondirish, yurtimizning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Korxonaning mustaqilligimizning 24-yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan ikkinchi bosqichida sifatli va noyob kukun, shifobaxsh damlama hamda turli siroplar ishlab chiqariladi.
– O‘zbekistonda raqobatbardosh, tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti mavjud, – deydi qo‘shma korxona direktori Satvinder Singxga. – Xorijlik sarmoyadorlar ishtirokidagi korxonalar uchun qator imtiyozlar berilgan. Biz bu yerda jahon bozorida raqobatbardosh va arzon dori vositalari ishlab chiqarayotganimizdan mamnunmiz. Bunday e’tibor korxonani bosqichma-bosqich zamonaviy texnologiyalar asosida kengaytirish, mahsulot turi va ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga katta qiziqish uyg‘otmoqda. Hamkorlarimiz bizni import o‘rnini bosadigan ko‘plab yangi dori vositalari tayyorlash jarayonini o‘zlashtirishga undayotir. Bularning barchasi O‘zbekistondagi tinch va osuda hayot, iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasidir.
Zamonaviy qo‘shma korxonaning ikkinchi bosqichida o‘ttiz besh kishi ish bilan ta’minlandi. Ularning ko‘pchiligi kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.
– Kollejni muvaffaqiyatli tugatdim, – deydi Xolmuhammad Hakimov. – Mahallamizda joylashgan ushbu korxonada ishlashni orzu qilardim. Endilikda ana shu istagim ruyobga chiqdi va operator sifatida ish boshladim. Zamonaviy uskunalarni boshqarishni tezda o‘zlashtirdim. Xalqimiz salomatligi yo‘lida, oz bo‘lsa-da, hissam borligidan xursandman.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kelgusida viloyatda o‘sadigan turli giyohlardan tabiiy dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bir martalik shprislar ishlab chiqaradigan texnologik uskunalar o‘rnatiladi. Ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladigan infuzion, in’eksion eritmalar mazkur dori vositalarini xorijdan olib kelishga to‘liq barham berib, hatto chetga eksport qilish imkoniyati yaratiladi. Viloyatda o‘sadigan shifobaxsh giyohlardan foydalanish ishlab chiqariladigan dori vositalarining tannarxi arzon bo‘lishini ta’minlaydi. Korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yana yuzdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Mamaraimov so‘zga chiqdi.