Korxonaning eksport salohiyati yuksalmoqda
Tadbirkor Shavkat Aytboyev rahbarlik qilayotgan “To‘rtko‘l tuprog‘i” oilaviy korxonasida qayta ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari tashqi bozorda ham xaridorgir.
Tadbirkor Shavkat Aytboyev rahbarlik qilayotgan “To‘rtko‘l tuprog‘i” oilaviy korxonasida qayta ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari tashqi bozorda ham xaridorgir.– Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan sharoitlardan foydalanib, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan oilaviy korxona tashkil etdik, – deydi Sh.Aytboyev. – O‘z mablag‘imiz va bankdan olingan 300 million so‘mlik kredit evaziga zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatdik. Shaharda to‘xtab qolgan korxona binosini ijaraga oldik. 2015-yildan boshlab qishloq xo‘jalik mahsulotlari, jumladan, kunjut hosilini qayta ishlab, chetga chiqara boshladik. Shu kunga qadar 200 ming dollarlik mahsulotni eksport qildik. Xorijda loviya va moshga ham talab juda yuqori. Shuning uchun ushbu mahsulotlarni tozalab, saralab sotishni yo‘lga qo‘ydik. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” savdo belgisi ostida qadoqlanib sotilayotgan mahsulotimiz sifatidan xorijlik hamkorlar mamnun. Joriy yilda eksport hajmini ikki barobar oshirishni rejalashtirganmiz.
Korxona xomashyoni asosan bozordan sotib olardi. Joriy yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 20 dan ziyod fermer xo‘jaligi bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi. 10 ga yaqin ishchi mehnat qilayotgan oilaviy korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyatga ega.
Iste’mol bozorini yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirishga hissa qo‘shayotgan, shuningdek, tashqi bozorga xaridorgir va raqobatbardosh qayta ishlangan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilayotgan tadbirkor Shavkat Aytboyevning niyatlari ulkan. Kelgusida korxona faoliyatini kengaytirish va mahsulot turini yanada ko‘paytirishni rejalashtirgan.