Korxonada xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda
Akril ip-kalava mahsulotlari tekstil sanoatida keng ko‘llaniladi. Zarafshon shahrida faoliyat olib borayotgan “AREL KONFEKSIYON” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxona 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ayni vaqtda mamlakatimizdagi akril tolali to‘qimachilik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan yetakchi fabrikalardan hisoblanadi.
Korxonaning oylik ip ishlab chiqarish quvvati 90 tonnaga teng. Bu yerda asosan akril tolali ip-kalava mahsulotlari hamda to‘qimachilikda ishlatiladigan xomashyolar ishlab chiqariladi. Ayni paytda fabrikada mehnat qilayotgan 300 nafarga yaqin ishchi-xodimning 200 nafardan ortig‘ini ayollar tashkil etadi.
Korxonada Turkiya va Belarusdan olib kelingan akril ipdan kalava-to‘qima ip ishlab chiqariladi. Ipni bo‘yoqlashdan yigiruvgacha bo‘lgan jarayon to‘liq fabrikaning o‘zida amalga oshiriladi.

– Akril tolali mahsulotlar bilan ishlashning o‘ziga yarasha mashaqqati bor, – deydi korxona mas’ul xodimi Umida Sayfiyeva. – Bugungi kunda akril tolali iplar bizda va Buxoro viloyatida ishlab chiqariladi, xolos. Kalava iplarimiz tayyor holga kelgunicha taroqlash, presslash, shaklga keltirish, bo‘yoqlash kabi 12 bosqichdan o‘tadi. Mahsulotlarimiz yurtimizdagi to‘qimachilik bilan shug‘ullanadigan fabrika, korxona va sexlarga yetkazib berilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan iplarning 30 foizi fabrikaning o‘zida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ajratiladi. Hozir ipdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 40 taga yaqin, bir kunda 550 ta tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar ichki bozorga, qayta ishlovchi korxonalarga buyurtma asosida yetkazib beriladi. Shu bilan birga, Rossiya, Turkiya, Tojikiston, Turkmaniston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Korxonada, shuningdek, to‘qish ishlari ham amalga oshiriladi. Ayollar uchun kofta, ko‘ylak, palto, nimcha kabi kuzgi va qishki kiyimlarni to‘qish va tikish ishlari boshlangan. Eksportbop, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishda ish unumini oshiradigan uskunalarning ahamiyati katta. Buning uchun fabrikada zarur zamonaviy texnologiyalar Germaniyadan keltirilgan bo‘lib, “Stoll” to‘qima uskunalari ipdan tayyor mahsulot chiqarish jarayonidagi eng qulay texnologiya hisoblanadi. Bundan tashqari, “Ramiyoz” rusumli tikuv mashinalari kiyimlarning yoqa qismini tikish ipini bildirmay ulashda qo‘llaniladi.
Xomashyolar dastlab fabrikaning o‘zidagi jarayonlar uchun ishlab chiqarilgan bo‘lsa, keyinchalik ishlab chiqarish kengayib, mahsulotlar sotuvga ham chiqarila boshlandi. Hozir esa bunday mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston va Belarus davlatlariga eksport qilinib, korxona iqtisodi ortishiga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda to‘qima uchun ishlab chiqarilgan barcha akril iplarga nisbatan aynan o‘sha ranglarga bo‘yalgan tikish iplari ham fabrikaning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Daromad manbai sifatida tikuv iplari sotuvi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun korxona mahsulotlari ichki va tashqi bozorda xaridorgir. Eng muhimi, korxonada mahalliy yoshlar va xotin-qizlar bandligi ta’minlanib, aholi farovonligining oshishi uchun xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri