Korxonada 53,3 million soʻm iqtisod qilindi
Koronavirus pandemiyasi tufayli eʼlon qilingan karantin davrida sex faoliyati toʻxtatilgan edi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan ishlab chiqarish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish maqsadida oʻtgan yili “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati qoshida travers va metall konstruksiyalar ishlab chiqarish sexi tashkil qilingan edi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli eʼlon qilingan karantin davrida sex faoliyati toʻxtatilgan edi. Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ishlab chiqarish subyektlari faoliyatini qayta tiklash boʻyicha belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbariyati tomonidan karantin va infeksiya tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan tartiblarga amal qilingan holda ishlab chiqarish jarayoni yoʻlga qoʻyildi. Ishchilar himoya niqoblari, qoʻlqoplar, antiseptik vositalar bilan taʼminlandi, sexda vaqti-vaqti bilan dezinfeksiya ishlari ham oʻtkazilmoqda.
Mazkur sexida elektr tarmoqlari tizimi ish jarayonida keng foydalaniladigan uskunalar, yaʼni OG-1, OG-2, M-1, M-3 va boshqa turdagi temir qurilmalar tayyorlab kelinadi. Qurilmalarni tayyorlashda zamonaviy tokarlik dastgohlaridan foydalanilayotgani ularning sifatli hamda belgilangan meʼyorlar asosida boʻlishini taʼminlamoqda.
– Ayni kunda sexda 12 turdagi sifatli temir qurilmalar tayyorlanmoqda, – deydi “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati rahbari Axadjon Joʻrayev. – Taʼkidlash kerakki, viloyat elektr taʼminoti tizimida ushbu mahsulotlarga boʻlgan ehtiyoj asosan shu yerda ishlab chiqarilayotgan qurilmalar hisobiga qoplanmoqda. Qolaversa, bu korxonamizga maʼlum miqdordagi mablagʻni iqtisod qilish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.
Oʻtgan davr davomida sexda umumiy qiymati 50,9 million soʻmlik 1 ming 540 dona traverslar tayyorlandi. Natijada korxona tomonidan 53,3 million soʻm miqdoridagi mablagʻ iqtisod qilindi.