Korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb vazifa
Korrupsiyaga qarshi kurashda erishilgan natijalar qanchalik muhim bo‘lmasin, mavjud kamchiliklarni tan olish va ularni bartaraf etishga intilish bundan ham muhimdir. Chunki tizim o‘zini o‘zi tanqid qila olsagina yangilanadi, kamchiliklar ochiq muhokama etilsagina ularning yechimi topiladi.
Navoiy viloyatida aynan ushbu tamoyilga asoslangan holda ish olib borilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, belgilangan vazifalar ijrosida yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar ham atroflicha tahlil qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berilmoqda. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashning faqat hisobot uchun emas, amaliy natija uchun xizmat qilayotganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirishni kengaytirish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi.
Reimbursatsiya dasturi doirasida 203 ta dorixona va ularning 360 ta shoxobchasi bilan shartnomalar imzolandi. 2025-yilda ushbu tizim orqali 79 ming 281 nafar bemorga 6 milliard so‘mlik bepul dori-darmon yetkazib berildi. Viloyatdagi 185 ta davolash-profilaktika muassasasi to‘liq DMED yagona axborot tizimiga ulandi. Komplayens nazorati yo‘lga qo‘yilib, mutaxassislar maxsus o‘quv kurslarida malakasini oshirdi. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosalarini qayta ko‘rib chiqish natijasida 99,4 million so‘m byudjet mablag‘i iqtisod qilinishiga erishildi.
Raqamli yechimlar savdo sohasida ham keng joriy etildi. Viloyatdagi 10 ta bozorda “Raqamli bozor” va “Xavfsiz bozor” tizimlari ishga tushirilib, bozorlar, savdo komplekslari hamda yirik avtoturargohlarga 204 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Bu orqali 5 mingdan ziyod savdo rastalari qamrab olindi. Bunday chora-tadbirlar savdo jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, nazoratni kuchaytirish va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilgani ham tizimning muhim jihatidir. Ilgari berilgan tavsiyalar asosida intizomiy jazo qo‘llanildi, ayrim rahbarlar esa egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu har bir rahbar uchun shaxsiy mas’uliyat birinchi o‘rinda turishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Biroq barcha vazifalar to‘liq bajarildi, deb aytishga asos yo‘q. Konimex tumanini korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dastur tahlili ayrim yo‘nalishlarda sustkashlik saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Yoshlar o‘rtasida tanlovlarni tashkil etish, isrofgarchilikka qarshi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, rahbarlar rotatsiyasi, Face-Id tizimini joriy etish va ayrim ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish kabi vazifalar to‘liq bajarilmagani qayd etildi. Bu kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi va ularning ijrosini kuchaytirish vazifasi belgilandi.
Eng muhimi, bugun korrupsiyaga qarshi kurash natijalarni sanash bilan cheklanilmayapti. Har bir kamchilik tahlil qilinyapti, har bir topshiriq ijrosi nazoratga olinyapti, har bir rahbardan aniq natija talab etilmoqda. Bu esa halollik muhitini qaror toptirishga xizmat qiladi.
Feruz Hasanov,
Navoiy viloyati hokimligi Komplayens xizmati boshlig‘i