Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda siyosiy partiyalar, deputatlar, yuridik sohasi vakillari hamda tibbiyot muassasasi rahbarlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi raisi Maqsud Hamidov, partiyaning Buxoro shahar Kengashi raisi Abdurauf Ahmedov, xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati Farhod Ixtiyorov, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi advokati Anvar Rahmatov va muassasa bosh shifokori G‘afur Saidov qatnashdi.

Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida shaffoflik va adolatli boshqaruvni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. “Adolat”partiyasi vakillari korrupsiyaning oldini olishda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, xodimlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhimligini qayd etdi.

Xuddi shunday tadbir Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida ham bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida korrupsiya tushunchasi, uning salbiy oqibatlari, jamiyat taraqqiyotiga yetkazayotgan zarari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Shuningdek, deputatlar va mutaxassislar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik pozitsiyasi muhim o‘rin tutishi, har bir shaxs huquqbuzarliklarga befarq bo‘lmasligi alohida qayd etildi.

Suhbat yakunida barchaga korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi keskin munosabatda bo‘lish, qonun ustuvorligini ta’minlashda faol ishtirok etish zarurligi haqida murojaat qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.