Korrupsiya xalq ishonchiga putur yetkazadi
Buxoroda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiya a’zolari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Yig‘ilish viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tizimida qayd qilinayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, bu tarmoqda davlat xaridlariga daxldor qonun buzilish holatlari tahliliga bag‘ishlandi.
Tadbirda bu kabi salbiy holatlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar samarasi va xalq ishonchiga putur yetkazayotgani qayd etildi. Ushbu jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish uchun ko‘riladigan choralar to‘g‘risida maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi G‘anisher Junaytov va boshqa mas’ullar axborot berdi.
Hozirda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va uning shahar, tumanlardagi bo‘limlari tasarrufida jami 7 ming 807 nafar oliy, 4 ming 970 nafar o‘rta maxsus ishchi xodim faoliyat yuritmoqda. Hududda jami 90 ta Davlat xususiy sherikchilik asosida nodavlat MTT mavjud bo‘lib, ularda 173 nafar oliy, 297 nafar o‘rta-maxsus ishchi xodim mehnat qilib keladi. Shuningdek, bugun viloyatda jami 1 ming 239 ta oilaviy, 470 ta xususiy MTT faoliyat yuritmoqda. Ayni kunda tizimda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini (korrupsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va ularga chek qo‘yish hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha) amalga oshirish yuzasidan 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
[gallery-7516]
Yosh avlodning maktabgacha ta’lim muassasalaridan toki, oliy ta’lim tizimigacha bo‘lgan uzluksiz bilim olishi, kasb o‘rganishi uchun shart-sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani ta’kidlandi. Bu borada dastlabki bo‘g‘in sifatida ishni maktabgacha ta’lim tizimidan boshlash, bunda kadrlar tanlovidan tortib, muassasalar moddiy-texnik ta’minoti, yangi loyihalar, qurilish-tender tanlovlarigacha shaffof va “inson omili” aralashuvisiz, avtomatlashtirilgan tartibda xolis tizim yaratish bugunning dolzarb vazifasidir. Shu nuqtai nazardan, muhokama qilingan masalaga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan ayni kunda viloyatda o‘rganishlar olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi direktorining o‘rinbosari Tal’atjon Haydarov boshchiligidagi guruh, jumladan, Respublika Oliy sudi bo‘lim boshlig‘i Anvar Husanov, Respublika Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i Dilfuza Nasirova, mazkur qo‘mitaning Savdolarni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Kamilov fikr-mulohazalari eshitildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi viloyat hududiy Kengashi faoliyati samaradorligiga e’tibor qaratildi. Muhokamalar davomida viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Buxoro viloyati hokimi, Korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy Kengashi raisi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA