Korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlar aniqlandi
Samarqand viloyati tumanlaridan biridagi Elektr ta’minoti korxonasi rahbari mahalliy tadbirkorga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanish natijasida davlatga yetkazilgan 393 mln so‘mlik zarar holati yuzasidan jinoiy javobgarlikka torttirmaslik, aksincha, zarar miqdorini kamaytirib ko‘rsatgan holda ma’muriy tartibda sudga chiqarib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilgan.
Joriy yilning iyul oyi oxirlarida ushbu pul mablag‘i hisobidan 4 ming dollarni olgan mansabdor shaxs tadbirkordan qolgan 1 ming dollarni ham tezroq berishini so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1 ming AQSH dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Ta’kidlash lozim, mazkur rahbar muqaddam sudlangan bo‘lsada o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq noqonuniy holat fosh etildi.
Xususan, poytaxtda istiqomat qiluvchi, 1988 y.t., muqaddam sudlangan shaxs o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2001 y.t. fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u oldindan 13 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA