Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
Korrupsiya – mamlakat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi omil. U jamiyatga va davlat hokimiyatiga sezilarli zarar keltirib, iqtisodiy rivojlanishni ortga suradi. Demokratik institutlar va milliy qadriyatlarimizni, adolat va ijtimoiy burch tushunchalarining ahamiyatini susaytirib, davlatning barqaror rivojlanishi va huquq-tartibot tizimini zaiflashtiradi.
Korrupsiya murakkab ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hodisa bo‘lib, u har xil darajada barcha mamlakatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. U saylov jarayonlarining shaffofligiga salbiy ta’sir etish bilan birga, qonun ustuvorligining ta’minlanmasligi va byurokratik to‘siqlarning rivojlanishiga asos bo‘ladi. Agar korrupsiya ildiz otishda davom etsa, mamlakatga kiritiladigan xorijiy investitsiyalar yo‘qoladi va ishsizlik darajasi ortadi.
Jahonda ko‘plab global muammolar, tabiiy ofatlar, ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlik korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Hozirgi dunyo aholisining 1,9 milliarddan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini hisobga olganda, korrupsiyaga qarshi kurash sayyoramizning deyarli to‘rtinchi qismining kelajagi uchun hayotiy ahamiyatga ega.
Agar oxirgi yillardagi korrupsion jinoyatlar statistikasiga e’tibor qaratilsa, quyidagi holatni ko‘rishimiz mumkin:
2023 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan jami 6535 nafar shaxs (2022 yilda 7414 nafar shaxs) korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, 2022 yilga nisbatan javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 879 nafarga yoki 12 foizga kamaygan.
2024 yilda respublika bo‘yicha jami 6898 nafar shaxs tomonidan 5716 jinoyat sodir etilgan. 2023 yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati, Suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan.
Biroq oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligi sohasida bu ko‘rsatkich oshgan. Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida 2024 yilda 309 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar hokim yordamchilari faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgan.
Hududlar kesimida korrupsiyaga oid jinoyatlar Toshkent viloyatida, Toshkent shahrida va Samarqand viloyatida eng ko‘p sodir etilgan va aksincha, Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida korrupsiyaviy jinoyatlar kam sodir etilgan.
Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgacha eng ko‘p sodir etilgan korrupsion jinoyatlar mazmunini poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, valyuta qoidasini buzish, qalbaki pul yasash va o‘tkazish, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari tashkil etmoqda.
Joriy yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, korrupsiya islohotlarni jadal amalga oshirishda asosiy to‘siq ekanligini ta’kidladi.
2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ushbu illatga qarshi kurashning huquqiy asoslarini belgilab berdi.
2020 yil 29 iyunda “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilib, korrupsion holatlarning barvaqt oldini olish tizimi joriy etildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi.
2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Afsuski, ko‘plab insonlarning ongida korrupsiya oddiy hodisa sifatida qabul qilinadi. Korrupsiyaning yuzaga kelishiga ko‘plab sabablar ta’sir etib, bularga fuqarolarning past huquqiy madaniyati hamda korrupsiyaga qarshi tizimga bo‘lgan ishonchsizlik kiradi. Shubhasiz, shaxsiy huquq va erkinliklarni ta’minlash, qonunlarning ta’sirchanligini va ustuvorligini oshirish, huquqbuzarliklar bilan kurashish bo‘yicha maqsadli harakatlarni amalga oshirish muhim hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashning barcha shakllarida tizimli ish olib borish hamda huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish – barcha darajadagi davlat hokimiyati organlarining ustuvor vazifasidir.
Qabul qilingan qonunlar va qonunosti hujjatlar asosida jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan shaffof tizim va ochiq muhit yaratildi. Bunga misol qilib, keyingi yillarda ommaviy axborot vositalarining xolisligi ortganligi, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, inson omilining ishtiroki kamayganligini keltirish mumkin.
Ta’lim, qurilish, yo‘l harakati xavfsizligi, tadbirkorlik, elektron davlat xizmatlari kabi sohalarda korrupsion jinoyatlar keskin kamayishi kuzatilmoqda. Buning natijasida respublikamizning investitsiya jozibadorligi ortib, ko‘plab xorijiy kompaniyalarning ishonchiga sazovor bo‘lmoqda.
Korrupsiyani qabul qilish indeksi bo‘yicha “Transparency International” xalqaro tashkiloti hamda qonun ustuvorligi bo‘yicha “World Justice Project” xalqaro nodavlat tashkilotining reytinglarida O‘zbekiston yildan yilga o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Biroq hali to‘liq korrupsiyadan holi bo‘lmagan sohalar ham mavjud.
Oxirgi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilib, iqtisodiyotimiz 2 baravar o‘sdi va 2024 yilda 115 milliard dollarga yetdi.
Sohalarda erishilgan yutuqlar bilan birga huquqni muhofaza qilish sohalarida korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish choralarining samarasi yetarli emas.
Joriy yilning 5 martida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ish uslubi o‘zgartirilishi, tajriba tariqasida Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, Neft-gaz va Suv ta’minot jamiyatlarining komplayens nazorati agentlikka o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Agentlik tumanlar darajasida maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganishi va tahlillar natijasi bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqib, Milliy kengashga taqdim etishi belgilandi.
Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunning amalga kiritilishi mansabdor shaxslarning korrupsion jinoyatlarni sodir etish holatlarini keskin kamaytiradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshadi.
Shubhasiz, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini beradi va O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilaydi.
B.Aliboyev, N.Gulyamov,
Jamoat xavfsizligi universiteti
dotsentlari.