Korrupsiya: samarali mexanizmlar muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida “Korrupsiya va komplayens nazorat” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Seminarda partiya va agentlik vakillari, soha mutaxassislari korrupsiyaga qarshi kurashishda komplayens nazorat tizimining ahamiyati, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun samarador mexanizmlar hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov partiya faoliyatida adolat tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
Prezidentimizning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib, partiya yangi loyihalar, amaliy choralar va qonunchilik tashabbuslarini maqsad qilib qo‘ygani, jumladan, partiya tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi" o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Muhokamalarda yurtimizda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda shaffoflikni ta’minlashda amaliy chora-tadbirlar, targ‘ibot ishlari muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda me’yoriy-huquqiy hujjatlarni xalqaro tajriba asosida yanada takomillashtirish, davlat idoralari, partiyalar va keng jamoatchilik o‘rtasida hamkorlik mexanizmini kengaytirish, mas’ul idoralar faoliyati ustidan doimiy monitoring o‘rnatish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, har bir jabhada ochiqlikni ta’minlash orqali korrupsion holatlarni oldindan aniqlash va unga chek qo‘yish yuzasidan amaliy taklif-tavsiyalar bildirildi.
[gallery-22507]
Jamiyatimizda korrupsiyadek jirkanch illatga nisbatan murosasizlik, toqatsizlik muhitini shakllantirish — korrupsiogen omillarning oldini olishga, sohalar rivojiga, shaffoflik ta’minlanishiga xizmat qiladi. Seminar davomida bu yo‘nalishda partiya va agentlikning hamkorlikdagi vazifalari belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA