Korporativ boshqaruv takomillashmoqda
Mamlakatimizda xususiy sektorni izchil rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.
Mamlakatimizda xususiy sektorni izchil rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Navoiy viloyatida mazkur hujjat ijrosi doirasida 22 aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv tizimi joriy etilmoqda.
– Mazkur farmonda aksiyadorlik jamiyatlariga xalqaro andozalarga mos zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish, ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish belgilangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Yashin Dushanov. – Chet el kapitali ishtirokida aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etish, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu hujjat aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish bilan birga, mamlakatimiz taraqqiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Endi jamiyatlar boshqaruvidagi eski bo‘linma va lavozimlar tugatilib, zamonaviy talablarga mos boshqarish tuzilmasi tubdan qayta tashkil etiladi. Davlat ulushiga ega aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari tarkibi korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va prinsiplari, menejment va marketingni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqarishni boshqarish tizimida qo‘llay bilishi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan. Attestatsiya yakunlari bo‘yicha bo‘shagan lavozimlarga yuqori malakali rahbarlar, shuningdek, xorijiy menejerlarni jalb etish choralari ko‘rilmoqda. Farmonning 2-bandiga asosan viloyatda 10 nochor va tugatilishi yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi lozim bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarining 3 tasini tugatish hamda 7 tasining tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatdagi 12 aksiyadorlik jamiyatida davlat ulushi mavjud. Ayni paytda korxonalarda farmonga muvofiq, aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv tizimiga xorijiy menejerlarni jalb qilish, ijro organi rahbarini tayinlash to‘g‘risidagi qarorni xorijiy menejerlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tanlov asosida qabul qilish tartibining joriy etilayotgani sohani yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, joriy yildan boshlab barcha aksiyadorlik jamiyatlarida yillik moliyaviy hisobotlarning nashr etilishi, xalqaro audit standartlari hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq tashqi auditning o‘tkazilishi ular faoliyatining ochiqligini ta’minlab, aksiyadorlar ishonchini yanada mustahkamlaydi.
– Zamonaviy korporativ boshqaruv uslublaridan foydalanish korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirish hamda aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi, – deydi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha mutaxassisi Otabek Xudoyorov. – Ayniqsa, aksiyadorlik jamiyatlariga korporativ boshqaruvning xalqaro tajribada sinovdan o‘tgan ilg‘or usullari keng joriy etilayotgani ijro organining aksiyadorlar va investorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqda. Etakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda boshqaruv xodimlarini tayyorlash va ularning kasb mahoratini oshirish, shuningdek, korxonalarda rahbarlik lavozimlariga chet ellik yuqori malakali menejerlarni jalb qilish yangicha ish uslublarini joriy etish va ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini oshiradi. Jamiyatimiz aktivlari davlat ulushiga ega bo‘lgani bois rahbarlar tarkibi korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va prinsiplari, menejment va marketingni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqarishni boshqarish tizimida qo‘llay olishi uchun attestatsiyadan o‘tkazildi. Ayni paytda aksiyadorlik jamiyatining 48 foiz davlat aktivlarini baholash borasida ishlar olib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, mazkur farmon aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish maqsadida farmonga muvofiq boshqaruv xodimi sifatida jalb etilgan xorijlik mutaxassislar daromadi soliq va sug‘urta badallaridan ozod etilgani aksiyadorlik jamiyatlari uchun katta imtiyozlar yaratadi.