Koronavirus Tojikistonni chetlab oʻtdi(mi?)
Uning fikricha, shuningdek bu holat Tojikistonga har ehtimolga qarshi epidemiyaga qarshi puxta tayyorgarlik koʻrish imkonini ham beradi.
Albatta, butun dunyo koronavirus atalmish ofatdan aziyat chekayotgan bir paytda yer yuzidagi sanoqli davlatlar qatori Tojikistonda ham ushbu kasallik holati kuzatilmagani qardosh xalq sifatida Oʻzbekiston ahlini quvontirmoqda. Zero, qoʻshnining yutugʻidan sevinish, qaygʻusiga sherik boʻlish azaliy qadriyatimiz.
Shu maʼnoda, Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkilotining Tojikistondagi doimiy vakili Galina Perfilyevaning mutaxassis sifatidagi fikrlari har bir yurtdoshimiz uchun qiziq boʻlsa kerak. U oʻz bayonotida koronavirus bilan bogʻliq mamlakatdagi bugungi vaziyatni qisqacha ifodalagan.
“Nima uchun shu paytgacha respublikada birorta ham bemor aniqlanmaganiga aniq bir izoh berishning hozircha iloji yoʻq. Bizga nima yordam berayotganini aytish qiyin”, - degan Perfilyeva ommaviy axborot vositalari vakillariga.
Uning fikricha, shuningdek bu holat Tojikistonga har ehtimolga qarshi epidemiyaga qarshi puxta tayyorgarlik koʻrish imkonini ham beradi.
“Hozir barcha davlatlar oʻz imkoni darajasida yangi qiyinchiliklar paydo boʻlishiga tayyor turishga intilmoqda. Shu bilan birga ayni vaqtda biror narsani oldindan bashorat qilish ham oson boʻlmayapti. Bugungi kunda Tojikistonda mazkur kasallikning yoʻlini toʻsgan omillar haqida hech kim aniq bir fikrni ayta olmaydi”, - deb hisoblaydi mutaxassis.
Bunga qoʻshimcha ravishda Perfilyeva xonim Tojikiston halqining unchalik badavlat emasligi va shuning uchun ham aksariyat aholi xorijga chiqmasligini taʼkidlagan. Binobarin, mintaqaning boshqa davlatlarida zararlanish holatlari aynan chet ellardan kirib kelayotgani sir emas.
Bayonotda Tojikistonda xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar uchun qatʼiy karantin holatini joriy etish uchun mamlakatda jiddiy choralar koʻrilyapti.
“Tojikistonda virus faqat boshqa davlatlardan kirib kelish shaklidagina namoyon boʻlishi mumkin, chunki epidemiya paydo boʻlgandan buyon respublikada 6 mingdan ziyod odam karantinga olindi. Ushbu jarayon JSST tavsiyalariga toʻliq rioya qilingan holda taʼminlandi. Shubha tugʻdirgan barcha holatlarning oldi olindi, kasallik bilan bogʻliq zarracha belgi ham eʼtiborsiz qoldirilmadi, testdan oʻtkazildi”, - deya vaziyatga aniqlik kiritgan ekspert.
Shuningdek, u Xitoy bilan chegaralar darhol yopilganini ham taʼkidlab oʻtgan.
“Yuk avtomobillari haydovchilarining barchasi karantindan oʻtdi. Kimdir asrayapti Tojikistonni”, - dedi Perfilyeva soʻzi soʻnggida.