KORONAVIRUS TAHDIDI VA BIRDAMLIK SIMFONIYASI
Tarixdan maʼlumki, insoniyat turli epidemiya va ommaviy qirgʻinlarni boshidan koʻp oʻtkazgan.
Uni birgalikda ijro etishimiz shart
Tahlil
Unga tomon bormogʻingni unutma.
Jaloliddin RUMIY
Bugun dunyoning barcha puchmoqlarida tahlikali bir sharpa kezib yuribdi. Kezganda ham, koʻrinmas qoʻli bilan insonlarning shirin joniga chang solish harakatida boʻlmoqda. Uning yana bir dahshatli izi jahon iqtisodiyotini tanazzulga yetaklamoqda. Farovonlik va taraqqiyotga zarba bermoqda. Kun-u tun shovqinga toʻlgan shaharlar birin-ketin jimgina boʻshab qolmoqda... Bu mashʼum pandemiyaning dunyo va biz kutmagan manzaralari... Hali yana nimalar roʻy berishini esa hech kim bilmaydi... Ammo xalqimizning qalbida bir ishonch borki, bu sinovlardan talafotsiz oʻtish umidi – Allohning marhamati, davlat rahbarining oqilona siyosati, millat birdamligiga ishonchdir.
Tarixdan maʼlumki, insoniyat turli epidemiya va ommaviy qirgʻinlarni boshidan koʻp oʻtkazgan. Ammo, yana shunisi ham maʼlumki, ularning aksariyati mahalliy miqyosda boʻlib, faqat baʼzan bir yoki ikki qitʼa chegarasini hatlab oʻtgan edi.
Bugun insoniyat oʻz tarixida ilk bor nafaqat farovonligi va odatiy turmush tarziga, balki sayyoradagi milliardlab odamlarning hayotiga tahdid solayotgan jiddiy xavf bilan yuzma-yuz keldi. Bu xavf butun jahonni larzaga va sarosimaga solmoqda. Hattoki, birinchi va ikkinchi jahon urushi ham bunchalik darajada miqyos kasb etmagan va bunchalik koʻp davlatni qamrab olmagan edi.
Ha, soʻz oʻsha bugun barchaning dili-yu tilida boʻlgan, barchaning koʻngliga xavotir solib turgan pandemiya – koronavirus tahdidi haqida bormoqda...
Kiprikdagi yoshdek...
Koronavirus pandemiyasi... Afsuski, bu ofat tamaddunning bugungi rivojlanish davri, globallashuv va chegaralar shaffofligi, harakatlar tezkorligi zamonida roʻy bermoqda. Va, yana ham taassuflisi shuki, bugun hech bir davlat, garchi oʻz qudrati bilan shu kungacha maqtanib kelgan boʻlsa-da, oʻz hududida ushbu infeksiyaning tizginsiz tarqalishining oldini olishga kafolat berolmasligi maʼlum boʻlib qoldi. Italiya, Ispaniya, Fransiya, AQSH hamda boshqa rivojlangan va texnologik jihatdan qudratli davlatlardagi fojiali vaziyatlarga nigoh soling-a... Odamlarning diydasidagi yoshlar, boʻshab qolgan shaharlar, doktorlarning charchoqdan kirtaygan koʻzlari... Mashhur shoir Abdulla Oripov taʼbiri bilan aytganda, “kiprikdagi yoshday” qalqib turibdi dunyo...
Butun dunyo yangi 2020-yilni xurramlik bilan kutib olayotgan kezlarda, Xitoydan kelayotgan baʼzi xabarlarga hech kim xavotir bilan qaramagani, bizdan olisda-ku, degan xayolga borgani ham bor gap. Ammo, oradan uch oy oʻtib, 2020-yilning 31-martiga kelib, dunyoda 780 ming nafardan ortiq odam koronavirusga chalindi, 38 ming nafarga yaqin kishi vafot etdi. Barcha qitʼada, hatto, odam oyogʻi uncha-muncha yetavermaydigan hududlarda ham koronavirus alomatlari aniqlandi.
Oʻzbekiston bu xavfni kutmagan edimi?
Afsuski, Oʻzbekiston bu global tendensiyadan chetda qololmadi. Shiddatkor taraqqiyot, globallashuvning yangi bosqichiga qadam qoʻygan mamlakatimiz uchun ham bu ofat tahdidi yetib keldi. Bugungi kungacha mazkur virusdan zararlangan yurtdoshlarimiz soni 181 nafarga yetdi, ikki bemor hayotdan koʻz yumdi. Va yana ham achinarlisi, illat hamon tarqalayotgani haqidagi xabarlar kelib turibdi. Demak, virus yon-verimizda bemalol kezib yuribdi...
Aslida, Oʻzbekiston bu xavfni kutmagan edimi? Albatta, bugungi shiddatkor iqtisodiy taraqqiyot, migrantlari koʻp boʻlgan mamlakat va shaffof chegaralarga ega va globallashuv jarayoni shahdi oshib borayotgan Oʻzbekiston bu xavfdan holi emas edi. Buni mamlakat rahbariyati ham yaxshi bilardi. Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev avval boshdanoq ushbu pandemiya 34 millionlik xalqimiz hayoti va sogʻligʻi uchun qanchalik xavf tugʻdirishi mumkinligini aniq-tiniq idrok qilgan edi.
Koronavirus epidemiyasini pandemiyaga aylanmagan vaqtda ham, hali dunyo, hatto, Yevropa jiddiy qabul qilmagan bir kezda, yaʼni shu yilning 29-yanvarida davlatimiz rahbarining maxsus komissiya tashkil etish borasidagi farmoyishi qabul qilingan, bu bilan kelishi muqarrar boʻlgan ogʻir sinovlarni munosib yengib oʻtishning tamal toshi qoʻyilgandi.
Doʻst shunday kunda bilinadi
Bugun koronavirus pandemiyasi qachon magʻlub boʻladi yoki kamaya boshlaydi, degan savolga hech kim aniq javob berolmaydi. Demak, biz vaziyatning har qanday kutilmagan rivojiga hamisha tayyor turishimiz kerak.
Shu sabab dunyo bugun bir-biriga yordamga shoshilmoqda. Oʻzbekiston ham dastlab Xitoyda ushbu infeksiya tarqalgan kezlarda bir emas, ikki bor insonparvarlik yordamini joʻnatdi. Soʻngra, Eronga, keyinchalik Vengriyaga...
Meni, ayniqsa, taʼsirlantirgani Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning soʻzlari boʻldi. U bu haqda shunday degandi: “Bu masalada biz Vengriya doimiy aʼzosi boʻlgan Yevropa Ittifoqidan yordam soʻradik, biroq hech qanday koʻmak kelmadi. Kuzatuvchi maqomida boʻlganimiz Turkiy Kengash mamlakatlari esa yordam qoʻlini choʻzishdi”.
Qarangki, bugun Oʻzbekistonga doʻstlar qoʻl choʻzishmoqda. BAA, Xitoy kabi davlatlardan yordam kuchlari kelgan boʻlsa, dunyoning yirik tashkilotlari oʻz madadini berishmoqda.
Yana ham taʼsirlisi shuki, asli oʻzbekistonlik boʻlgan, butun dunyoga dongʻi ketgan metsenatlar Fattoh Shodiyev va Alisher Usmonovlarning xayriyalari haqida barchamiz eshitdik.
Bularni aytishdan maqsad shuki, barcha-barchamiz bugun bir maqsad yoʻlida birlashsak, bu sinovdan albatta magʻrur oʻtamiz.
Qatʼiyat, iroda va ishonch
Oʻzbekiston koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida qatʼiy choralarni amalga oshirmoqda. Buning uchun esa mustahkam iroda kerak.
Davlatimiz rahbarining aniq va puxta oʻylangan qarorlari asosida mamlakatimiz uchun koronavirus oqibatlarini minimallashtirish uchun qatʼiy choralar amalga oshirilmoqda.
Eʼtibor bering, Prezidentning dastlabki 2020-yil 19-martdagi farmoni shunday edi: “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”. Soʻzlarni birma-bir oʻqing: birinchi navbatdagi deyilmoqda. Demak, barchasi izchillik va qatʼiyat bilan davom ettiriladi, maʼnosini beradi bu jumlalar.
Ayni vaqtgacha bir qonun, bir nechta farmon va qarorlar qabul qilindi. Qoʻshni davlatlar rahbarlari bilan telefon orqali muloqotlarda choralar izlandi. Shaxsan davlat rahbari bir necha bor videoselektor yigʻilishi oʻtkazib, xalqqa murojaat qildi. Barcha masʼul shaxslar oldiga ijro mexanizmlari, moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan, koʻrilishi kerak boʻlgan chora-tadbirlar kompleksini qamrab olgan, aniq belgilangan vazifalarni qoʻydi.
Bu vazifalar barcha tarmoq tibbiy xodimlarini ishga solish, zarur yotoq oʻrinlarini tayyorlash, asbob-uskuna va dori-darmonlar bilan taʼminlash, chet ellarda qolayotgan vatandoshlarimizni olib chiqib ketishgacha boʻlgan keng koʻlamli harakatlarni qamrab oldi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston xorijdagi oʻz vatandoshlarini tashlab qoʻymadi. Oʻzbekistonning barcha davlatlardagi elchixonalari qoshida maxsus shtablar tashkil etilib, oʻn kun davomida 20 ta charter reyslari tashkil etilib, Rossiya, Turkiya, BAA, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, Indoneziya, Germaniya kabi davlatlardan 4000dan ortiq yurtdoshimiz vatanimizga olib kelindi. Qoʻshni mamlakatlardan esa 80 mingdan ortiq fuqaro kirib keldi. Oʻrnatilgan karantin tartibiga koʻra, ularning barchasi 14 kunlik majburiy nazorat –karantinga olindi. Buning uchun 11 ta tibbiyot muassasasi, 97 ta sanatoriy, oromgoh va yotoqxonalar karantinda ishlash uchun tayyorlandi.
Bugungi kungacha 30 mingga yaqin test tekshiruvlari amalga oshirildi. Xitoydan 200 mingta test-tizimi hamda 50 ming dona himoya kombinezonlari xarid qilindi. Bularning barchasi virusning tomir otib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, fuqarolarning himoya qilinishi uchun katta omil boʻlishi shubhasiz.
Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining mamlakat ahliga bir necha bor qilgan murojaatini alohida taʼkidlashni istar edim. Men yurt otasining kuyinishlarida yurtimizning har bir fuqarosiga boʻlgan otalarcha mehr, ularning taqdiriga cheksiz xavotirni koʻryapman.Shunday paytlarda xalqimizning oʻz xalqi uchun qalbi otashdagi choʻgʻ kabi yonayotgan shunday yurtboshisi borligidan cheksiz faxr va iftixor tuyaman.
Davlatimiz rahbarining birgalikda koronavirusni yengamiz, degan qatʼiy ishonchi yurtimiz ahliga ham katta matonat baxsh etmoqda.
Biz musobaqalashmayapmiz, balki odamlar hayotini oʻylayapmiz
Bugun yurtdoshlarimiz mamlakatni koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali mobilizatsiya qilish borasida olib borilayotgan tezkor va malakali harakatlarni faxr bilan qayd etmoqdalar. Buni barchamiz koʻrib, bilib turibmiz.
Bu, ayniqsa, baʼzi boshqa davlatlardagi kechikkan va samarasiz tadbirlar fonida yana-da yaqqolroq koʻzga tashlanmoqda. Baʼzilar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan va yaxshi samara berayotgan chora-tadbirlarni bir hafta-oʻn kun oʻtib, oʻz mamlakatlarida qoʻllamoqdalar.
Koʻpgina chet ellik mutaxassislar oʻz maqolalarida ana shu jihatga alohida eʼtibor qaratmoqdalar. Kichik va oʻrta biznesga soliq taʼtillari berish, barcha turdagi tekshirishlardan, davlat tasarrufidagi 3600 ta obyektda ijara toʻlovidan ozod qilish, xususiy biznes vakillariga oziq-ovqat va asosiy mahsulotlarga narxlarni oshirmaslik kabi dolzarb choralar shular jumlasidan.
Bunga javoban 30 mingdan oshiq tadbirkor ana shu qiyin bir vaziyatda narxlarni oshirmaslikka yozma ravishda kafolat berdi.
Davlatimizning imkoniyati va kuch-qudrati, ijro intizomi samaradorligi karantinga moʻljallangan yangi obyektlarning Oʻzbekistonda rekord darajadagi qisqa fursatlarda qurib bitkazilayotganida ham namoyon boʻlmoqda. Xitoyning bunday obyektlarni 10 kun ichida qurib bitkazganiga butun dunyo lol qolgan edi. Oʻzbekistonda esa bunday obyektlar deyarli oʻsha muddatda, hatto undan ham qisqa fursatlarda foydalanishga topshirildi. Hozirda ushbu obyektlarga karantin nazoratiga olingan dastlabki ming nafardan ortiq shaxs joylashtirildi.
Albatta, amalga oshirilayotgan va kelajakda qilinajak profilaktik chora-tadbirlar samarasidan boshimiz aylanmasligi kerak. Oʻzbekiston dunyo bilan musobaqalashmayapti, balki odamlar hayotini oʻylayapti. Mana shuni anglasak, va mamlakatning qudrati koʻp narsaga yetishi mumkinligiga ishonsak, bas. Zero, bu ishlar Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga xos xalqimizni har qanday sinovlardan ishonchli himoyalashdek qatʼiy siyosiy irodasining yaqqol ifodasidir.
Shu bilan birga, bugungi tadbirlarning samarasi faqatgina davlat koʻrayotgan choralar bilangina amalga oshadi, deb oʻylash mutlaqo toʻgʻri emas. Bu yerda karantinning asl sabablariga chuqur nigoh solish, har bir inson, jamiyatning har bir aʼzosiga koʻp narsa bogʻliq ekanini teran anglash sharti bor. Prezident topshirigʻi bilan tashkil etilgan, hukumat rahbari boshchiligidagi Respublika Shtabi barcha ommaviy axborot vositalari orqali qayta va qayta, takror va takror daʼvat etayotgani, ogohlikka chaqirayotgani — har bir insonning uyda qolishi sharti bosh masala ekanini hech birimiz unutmasligimiz zarur! Bu virus na martaba va na mansabni, na boylik va na davlatni ayab oʻtirgani yoʻq. Uning cheklanish chegarasi nima ekani hammamizga ayon boʻlib ulgurdi. Oʻz xonadonini tark etmaslik insonning oʻzini, oilasini, yurtini, atrof-muhitdagi barcha insonlarni sevishi, hurmat qilishi, eʼzozlashi mezoniga aylanganini tushunmaslik va unga rioya etmaslik bugungi kun uchun eng katta XIYONATdir!.
Mehnat bozoridagi vaziyat
Koronavirus ofati jahon iqtisodiyoti turgʻunlashayotgan, shakllangan xoʻjaliklararo ishlab-chiqarish zanjirlari uzilayotgan, asosiy xomashyo tovarlari narxi pasayayotgan, milliy valyutalar qadrsizlanayotgan, koʻplab mamlakatlarda yashash darajasi pasayayotgan, ishsizlik ortayotgan, byudjet xarajatlari qisqarayotgan bir paytga toʻgʻri keldi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) COVID-19 pandemiyasi dunyo miqyosida mehnat sohasini va yuz millionlab odamlarning ijtimoiy ahvolini qiyinlashtirib qoʻyishidan jiddiy xavotirda ekanini taʼkidlamoqda. Tashkilot bayonotlarida bu virusni dunyo aholisining 40 dan 70 foizigacha yuqtirib olishi mumkin, degan vahimali taxmin va farazlar ham borligi rost.
Boʻhron iqtisodiyot va mehnat bozorida taklifdagina (tovar va xizmatlar ishlab chiqarish) emas, balki talabda (isteʼmol va investitsiya) ham aks etib, jiddiy oqibatlar keltirib chiqarmoqda. Katta-kichikligidan qatʼi nazar, barcha korxonalar katta muammolar girdobida qolgan. Bular, eng avvalo, aviatsiya xizmati, turizm, mehmonxona tarmoqlaridir. Hozirdanoq bir qator sohalarda daromadlarning keskin kamayishi, bankrotlik va ish oʻrinlarini yoʻqotish xavfi paydo boʻldi.
Harakatning cheklangani, chegaralarning yopilgani va karantinga oid tadbirlar natijasida koʻplab ishchi-xodimlar oʻz ish joylariga borolmayapti, bu esa ularning ish haqini kamaytiryapti yoki umuman toʻxtashiga olib kelyapti. Bu esa juda jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ushbu umumbashariy tendensiyalar bevosita bizning mamlakatimiz uchun ham dolzarbdir.
Ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra bilish salohiyatini, toʻgʻrirogʻi, adolat mezoniga asoslangan siyosatini biz oldinroq his qilgan edik. Yana ham aniqroq aytganda, oʻtgan yilning adogʻida Oʻzbekiston ilk bor mamlakatda 5 millionga yaqin qashshoq aholi yashayotganini roʻy-rost tan olgandi. Shu maqsadda qashshoqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish boʻyicha davlat dasturi qabul qilindi, avval mavjud barcha davlat va jamoat tashkilotlarini oʻzida birlashtirgan maxsus tarmoq vazirligi tashkil etildi.
Bu bugungi kunda – pandemiyaning oldini olishda, ayniqsa, karantin vaqtida, alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlikka muhtoj aholining nochor qatlamini qoʻllab-quvvatlashda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etayotganining guvohi boʻlib turibmiz.
Eng muhimi, biz bugun aniq maʼlumotlarga egamiz. Ular asosida esa mazkur tizimni samarali boshqarish imkoni mavjud.
Yangi vazifalar yuzaga kelmoqda
Oʻzbekiston infeksiyaga qarshi kurashish uchun tezkor ravishda Respublika hamda mintaqaviy komissiyalar, shuningdek, 10 trillion soʻm (1 mlrd. AQSH dollaridan oshiqroq) miqdoridagi Inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etdi.
Kuni kecha esa BMT oʻrta va past daromadli davlatlarga koronavirusga qarshi kurash va uning oqibatlarini yengishda yordam berish uchun maqsadli jamgʻarma tashkil etishga qaror qildi.
Bu bilan BMT Oʻzbekiston tajribasini faoliyatga tatbiq etyapti, deyishdan yiroqmiz, albatta. Ammo eng toʻgʻri yoʻllardan biri ham aslida shu edi.
Biz yuqorida siyosatda uzoqni koʻra bilish qobiliyatining ahamiyati va Mirziyoyevning qarorlari haqida soʻz yuritgandik. Ulardan biri aynan jamgʻarma tuzish va uning manbalarini toʻgʻri yoʻnaltirish edi.
Shu maʼnoda baʼzi mulohazalarni ham oʻrtaga tashlamoqchimiz. Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, baʼzi mamlakatlarda boʻlgani kabi, oddiy pul tarqatish kutilgan va manzilli samara bermaydi.
Mazkur yoʻnalishda qilinishi lozim boʻlgan ishlar anchagina.
Birinchidan, oilaviylik koeffitsiyentini hisobga oladigan boʻlsak, ayni damda yurtimizda qashshoqlik darajasida kun kechirayotgan 1 millionga yaqin oila bor. Ular manzilli koʻmakka muhtoj. Shu oʻrinda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yaqinda tashkil etilgan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi oʻz hududidagi ijtimoiy koʻmakka muhtoj insonlarni, hududlarning past-u balandini yaxshi biladigan halol va diyonatli yurtdoshlarimizni safarbar etib mahalla idoralari orqali bunday ehtiyojmand oilalarning manzilli roʻyxatini shakllantirishga kirishgani tahsinga loyiq ish boʻlmoqda.
Darhaqiqat, bugungi karantin kunlarida kundalik ehtiyoj tovarlari va oziq-ovqat roʻyxatini tuzib, ularni Inqirozga qarshi jamgʻarma hisobidan markazlashgan holda sotib olish tartibini yoʻlga qoʻyish juda oʻrinli ish boʻlar edi.
Mahalla idoralari arizalariga asosan, jamoat tashkilotlari va koʻngillilar ishtirokida ushbu kundalik ehtiyoj tovarlarini aniq oilalarga yetkazishni taʼminlash zarur. Homiylar, xayriya va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilayotgan yordamni ham shu yerning oʻzida taqsimlash mumkin boʻladi.
Ikkinchidan, mamlakatning har bir tumanida aholi ehtiyojlari uchun manzilli zahiralar yaratish maqsadida maxsus omborlar tashkil qilinayotgani ham ayni muddao boʻlmoqda.
Bugun biz shunday sinovli davrdan oʻtmoqdamiz. Muhimi, qalbda ishonch bor. Bu ishonch Allohning marhamati, Alloh elga bosh etgan davlat rahbarining oqilona siyosati hamda millatning birdamligiga boʻlgan ishonchdir.
Ayni vaqtda yodimga bir vaqtlar oʻqiganim – fransuz yozuvchisi Alber Kamyuning “Vabo” asari tushmoqda. Asarni adabiyotshunoslar qanday baholashadi, bilmadim-u, ammo men uning bir hayotiy falsafasini chuqur anglab yetganman. Bu ham boʻlsa odamlar uchun individuallikdan ham yuksakroq qadriyatlar mavjud degan aqida edi. Va yana anglaganim shuki, barchamiz insonmiz, degan hayotbaxsh bir ishonch ostida birlashishgina dunyoni qutqarib qolishi mumkin. Birlashish simfoniyasini esa barchamiz birgalikda ijro etamiz.
Soʻzimni esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning bir soʻzi bilan yakunlashni maʼqul topdim: “...koʻpni koʻrgan xalqimiz yana-da jipslashib, ahil va hamjihat boʻlib, bu murakkab sinovlarni ham yengib oʻtadi”.
Qudratilla RAFIQOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
siyosatshunos