Koreyalik shifokorlar Farg‘onada
Janubiy Koreya Respublikasining “Yagona global plastik jarrohlik ta’limi” fondi bilan hamkorlik doirasida koreyalik va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shifokorlari Farg‘ona viloyatida bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Mamlakatimizda bolalarning sog‘ligini mustahkamlash borasida xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ko‘plab xayriya ishlari amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog’lom avlod uchun” fondi hamda Koreya Respublikasining “Severance” gospitali o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuvi bunda muhim ahamiyatga ega. Unga asosan Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 2018 yilda koreyalik mutaxassislar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shifokorlari bilan tananing kuyishdan keyingi kontrakturasi, lab va tanglay nuqsonlari, oyoq-qo‘llarning tug‘ma anomaliyasi tashxisi qo‘yilgan 401 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
[gallery-11937]
Jiddiy nuqsonli 35 nafar bemor bolada bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, sog‘lom hayotga qaytarildi.
Mazkur ezgu ishlarning uzviy davomi sifatida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida koreyalik shifokorlar bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rik va jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov tibbiy ko‘rik boshlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda bu kabi ezgu amallar ko‘plab bolalarni sog‘lomlashtirishda muhim o‘rin tutayotganligini ta’kidladi. Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga jarrohlik amaliyotlari uchun zarur bo‘lgan narkoz apparati topshirildi. Tibbiy ko‘rik davomida shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berilmoqda. Shu bilan birgalikda qirq nafarga yaqin bemor bolalarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA