Koreya delegatsiyasi O‘zbekiston Sudyalar kengashida
O‘zbekistonga Koreya sud tizimi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurib, sud tizimi faoliyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va uning natijalari bilan tanishishda davom etmoqda.
Koreya Respublikasi Oliy sudi raisi Kim Myon Su boshchiligidagi delegatsiyani 28 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘lib, tizim faoliyati bilan tanishgan hamda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan edi.
Delegatsiya vakillari 29 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar kengashiga tashrif buyurdi.
Sudyalar kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov kengash a’zolari bilan birga mehmonlarni iliq qarshi oldi.
Uchrashuvda Kim Myon Su o‘z mamlakatida sudyalarni tayinlash bilan bog‘liq jarayon haqida so‘zlab berdi. Sud-huquq sohasida to‘rt yil mobaynida muvaffaqiyatli ishlagan oliy ma’lumotli yuristlar sudyalikka nomzodini qo‘yishi mumkin. Sudyalikka nomzodlar suhbat asosida saralanadi. Bu bosqichdan o‘tgan nomzodlar haqida esa xalqqa ma’lum qilinadi.
Jamaotchilik fikrlari o‘rganilib, nomzodlardan eng munosiblari sudyalikka tavsiya etiladi. Sudyalar faoliyat boshlashidan oldin Sudyalar oliy maktabida o‘qib, malaka oshiradi. Pandemiya boshlanganidan beri bu maktabda o‘qishlar onlayn olib borilmoqda. Ayni paytda Koreyada 3 mingdan ziyod sudyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
[gallery-4484]
Mustaqil sud, mustaqil sudya – har qanday mamlakatda adolatni ta’minlovchi asosiy kuch. Koreyalik sudyalar ham mana shunga rioya etgan holda ish olib boradi.
O‘zbekiston sud tizimi bilan tanishish asnosida bu yerda ham sud va sudyalarning mustaqilligiga alohida e’tibor berilayotgani, shu maqsadda islohotlar amalga oshirilayotganidan xabardor bo‘ldik va bu bu bizda ijobiy fikr uyg‘otdi, dedi so‘zining yakunida delegatsiya rahbari.
Sudyalar kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov mehmonning fikrlarini davom ettirib, sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlash bo‘yicha olib boriladigan ishlar o‘xshash ekanini ta’kidladi. O‘zbekistonda ham sud-huquq sohasida ma’lum vaqt tajriba orttirgan yuristlar sudya bo‘lishi mumkin. Nomzodlar tanlab olingach, Sudyalar oliy maktabida malaka oshiradi. Sudyalar Oliy kengashi a’zolari ularni sinovdan o‘tkazadi, bundan o‘ta olgan nomzod sudyalikka tayinlanadi. Biz ham sudyalarni tanlashda xalq fikriga tayanamiz.
X.Yodgorov O‘zbekistonda elektron sudlov tizimining ishga tushirilishida Koreya tajribasi muhim o‘rin tutganini qayd etdi. Bu tajribani o‘zbekistonlik mutaxassislar bevosita Koreyaga borib, o‘rganib kelgan.
Hozir elektronlashgan sud tizimi fuqarolarga katta qulaylik yaratdi. Sudga elektron murojaat qilish, onlayn sudlarda ishtirok etish, sud qarori bilan onlayn tanishish kabi imkoniyatlar odamlarning vaqti va mablag‘i tejalishiga juda katta yordam bermoqda.
Uchrashuvda tomonlar tajribalari bilan o‘rtoqlashish barobarida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar, hamkorlik istiqbollari haqida ham fikr almashdi.
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Koreya delegatsiyasi vakillari joylarda bo‘lib, sudlar faoliyati bilan tanishadi hamda Konstitutsiyaviy sudda ham uchrashuv o‘tkazadi.
N.Abduraimova, O‘zA