Korday tumanida vaziyat barqarorlashmoqda
7 fevral kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati Korday tumanining Masanchi qishlog‘ida aholi o‘rtasida ommaviy tartibsizlik kelib chiqqan edi.
7 fevral kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati Korday tumanining Masanchi qishlog‘ida aholi o‘rtasida ommaviy tartibsizlik kelib chiqqan edi.
Turli manbalarga ko‘ra, mojaro etnik qozoqlar va dunganlar o‘rtasidagi oddiy kelishmovchilik sababli yuzaga kelgan. Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksey Kalaychidi 8 fevral kuni tashkil etilgan brifingda mojarodan keyin ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan tartibsizlikka da’vatlar vaziyatning keskinlashishiga olib kelganini ta’kidlagan.
“Kazinform” xalqaro axborot agentligi bugun, 10 fevral kuni ma’lum qilishicha, ommaviy mushtlashuv oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 10 nafarga yetgan, 40 ziyod kishi jarohat olgan. Ayni paytda tumanda vaziyat to‘liq nazoratga olingan, ahvol barqarorlashgan.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev ushbu voqeaga baho berar ekan, hozirda “Fojia oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi ishini davom ettirmoqda”, degan. Prezidentning ta’kidlashicha, komissiya a’zolari Korday tumanining to‘rtta qishlog‘ini borib ko‘rgan, qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari bilan uchrashgan. “Fojiaga yo‘l qo‘ygan davlat organlari xodimlari albatta, jazolanadi, buzg‘unchilar javobgarlikka tortiladi, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatiladi”, deya bayonot bergan davlat rahbari.
Qozog‘iston Prezidenti shunday og‘ir damlarda o‘z fuqarolik pozitsiyasini faol namoyon etgan qozog‘istonliklarga minnatdorlik bildirgan.
Ayni paytda Jambil viloyati politsiya departamenti boshqarmasi tomonidan sudoldi tergov ishlari boshlab yuborilgan. Tartibsizlik oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan va 40 dan ziyod fuqaro jarohat olgani haqida ma’lum qilingan edi. Bugunga kelib, og‘ir jarohat olgan yana ikki kishi kasalxonada vafot etgan.
Ayni paytda Kordayda aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida politsiya va boshqa kuch ishlatar organlar xodimlari kechayu kunduz navbatchilik qilmoqda. Barcha avtotransport vositalari qattiq tekshiruvdan o‘tkazilmoqda, yo‘lovchilarning hujjatlari ko‘zdan kechirilmoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.