Ko‘prik muammosi hamon hal etilmagan
Mavzuga qaytib
O‘tgan yili bahor oylarida saytimizda “Ko‘lqamishga ko‘prik kerak mas’ullar” sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgandi. Unda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani “Farovon” MFYga qarashli Ko‘lqamish qishlog‘ilik o‘quvchilarning qo‘lbola yog‘och ko‘prikdan ming hadik bilan o‘qituvchilari ko‘magida o‘tayotgani, nafaqat o‘quvchilar, balki daryoning narigi tomonidan bu tomoniga o‘tuvchi fuqarolar ham ko‘prik yo‘qligi bois daryo suvi ko‘paygan paytda katta muammolarga duch kelayotgani haqida so‘z yuritilgandi.
Tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari muammo o‘rganilganini, ko‘prik zarurligi aniqlanganini, moliyaviy manbalari aniq bo‘lgach, loyiha- smeta qilinishini aytgandi.
[gallery-21760]
Ammo oradan bir yil o‘tsa hamki, qishloqning ko‘prik muammosi hal etilmadi. Hatto joriy yilgi dasturlarga taklif ham kiritilmagan.
Mavzuga qaytib, fotomuxbir bilan Ko‘lqamish qishlog‘iga takror borishga qaror qildik. Oldingi safar qishloqqa olib boruvchi yo‘lning yog‘ingarchilik paytida ayanchli holga kelib qolgani tufayli mashinamizni qo‘shni qishloqda qoldirib, u yog‘iga mezbonlarning mashinasida harakatlangandek va ming mashaqqatlar bilan qishloqqa yetib borgandik. Bu gal yo‘l muammosiga duch kelmadik. Boisi qishloq ahli yo‘l bo‘yicha tashabbus kiritib, “open byudjet”da g‘olib bo‘libdi. Shuning evaziga qishloqqacha borgan yo‘llar asfaltlanibdi.
Ko‘lqamish qishlog‘i tumanning olis hududlaridan biri sanaladi. Atrofi tog‘u tosh. Aholining asosiy daromadi chorvachilikdan. U yerdagi xonadonlar tog‘lar oralab o‘tgan “O‘ra” daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab joylashgan. Kundalik yumushlar, bemorchilik, to‘y-hasham, ma’raka yoki boshqa tashvishlar bilan odamlar har kuni daryoning u tomonidan bu tomoniga o‘tib qaytishga majbur. Daryo bo‘ylab har ikki tomonga qarab 5-6 kilometrgacha birorta ko‘prik yo‘q. Ayniqsa, bahor fasli kelishi bilan daryo o‘zani ko‘tariladi. Kunda- kunora sel suvlari oqib o‘tadi. Bu esa undan o‘tishni og‘irlashtiradi. Aynisa, maktab o‘quvchilari uchun daryodan o‘tish falokat bilan teng.
Qishloqda 49-maktabning filiali joylashgan. Unda 45 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi ta’lim oladi. Yuqori sinflar esa tepadagi Nayman qishlog‘ida joylashgan asosiy maktabga qatnaydi. O‘tgan safar yo‘l yomonligi tufayli asosiy maktabga bora olmagandik. Bu gal esa yangilangan yo‘l mushkulimizni oson qildi. Shuning uchun o‘rganishlarimizni 49-maktabdan boshladik. O‘quvchi va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdik.
– Bahor va kuz paytida daryodan katta sel suvlari oqib o‘tadi. Yog‘och ko‘priklarimizni oqizib ketadi, – deydi 10-sinf o‘quvchisi Latofat Xonnazarova. – Ko‘prikdan o‘tish xavfi ortadi. Bir necha bor tushib ham ketganmiz. Shuning uchun yog‘ingarchilik paytlarida bir haftalab maktabga kelolmay qolamiz. Maktabga kelsak uyga qayta olmay, daryo suvi pasayguncha qarindoshlarimiznikida qolib ketamiz. Sel paytida ota-onalarimiz yoki o‘qituvchilarimiz ko‘magi bilan ko‘prikdan o‘tamiz. Daryoda hozir suv kam. Lekin hademay yana bahor keladi. Suv ko‘payadi. Biz esa yana daryodan o‘tish xavfi bilan yuzma-yuz qolamiz.
Baxtga qarshi maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilarning yarmidan ko‘pi daryoning narigi tomonidan qatnab o‘qiydi. Maktab rahbari bilan suhbatlasharkanmiz, u ko‘prik masalasi hamon og‘riqli muammolaridan biri ekanini ta’kidlaydi.
– Maktabimiz olis hududda joylashgan. Asosiy o‘quvchi kontengentimiz 225 nafarni tashkil etadi, – deydi 49-maktab direktori Abduqahhor Xolmatov. – 3-4 kilometrgacha bo‘lgan qishloqlardan o‘quvchilarimiz qatnaydi. 70-80 foiz o‘quvchilarimiz daryoning narigi tomonidan keladi. Shu munosabat bilan ko‘prik muammosi bo‘yicha tegishli mutasaddilarga bir necha bor murojaat qilganmiz. Ikkita Nayman va Ko‘lqamish qishloqlarini bog‘lab turuvchi zamonaviy tipdagi ko‘prik qurib berishni so‘raganmiz. Lekin hamon bu ishlar amalga oshgani yo‘q. Filialimizda 45 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi o‘qiydi. Bu yerda 185 nafar o‘quvchimiz ta’lim oladi. Olis hududlarimiz Govxona, Tomqo‘ton qishloqlaridan ham 10 kilometrlab masofadan yuqori sinf o‘quvchilari qatnaydi. Ular ham daryodan o‘tishga majbur. Imkon doirasida o‘qituvchilardan navbatchilik tashkil qilganmiz. Ota-onalar ham qarashadi. Lekin nima bo‘lganda ham ko‘prik qurishning chorasi topilmasa, bolalar va ularning ota-onalari xavotirda yashaydi.
Ko‘lqamishga qaytib, daryo uzaniga tushamiz. Yog‘ochdan qilingan o‘sha eski ko‘prik hamon eski holatida turibdi. Suv oqizib ketmasligi uchun bir tomoni sim bilan qattiqroq joyga qoqilgan. Suv ko‘tarilgan paytlarda ko‘prik buzilib ketadi. Suv sathi pasaygandan keyin yana joyiga o‘rnatib qo‘yiladi. Aslida ko‘prik muammosi qishloq odamlari uchun yangilik emas. Ular shu yerda aholi yashashni boshlagandan beri shu muammoga duch kelishadi. Lekin bugun hayot tarzi, qarashlar o‘zgardi. Xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar olis-olis qishloqlarga ham obodlik olib kirmoqda. Shuning uchun qishloq odamlari vajohatli daryoga piyoda o‘tish uchun bo‘lsada bittagina ko‘prik qurib berilishidan umidvor.
– Qishlog‘imizda juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Mana ko‘rib kelyapsizlar yo‘llarimiz “tashabbusli byudjet” mablag‘lari evaziga asfaltlandi, – deydi Abduqodir bobo Esonov. – Bittagina ko‘prik muammomiz qolyapti. Narigi betdan bolalar maktabga qatnaydi, bemorchilik holatlari bo‘lib qoladi. Ko‘prik yo‘qligi sabab noqulayliklarga duch kelamiz. Ilgari yo‘lni bahona qilishardi mas’ullar. Mana yo‘llarimiz tekis va ravon bo‘ldi. Istalgan texnika keladi. Eng yomoni, qishloq qabristoni ham narigi tomonda. Bahor oylarida biror kishi vafot etib qolishidan xavotirlanamiz. Daryodan o‘tib- qaytish qiyin.
Xullas, qil ko‘prik muammosi hamon dolzarb. Tuman mas’ullari esa ushbu muammoga panja ortidan qarab kelishmoqda.
Muammoni qayta o‘rganar ekanmiz, tuman hokimligi mas’ullari bu safar ortimizdan qishloqqacha yetib kelishdi. Vaziyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, o‘rganishdi. Ulardan ham izoh so‘radik.
– O‘rinbosar lavozimida ish boshlaganimga ikki oy bo‘ldi. Mana bugun muammoni joyiga kelib o‘rganish o‘tkazdik, – deydi tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Ollomurod Boyto‘rayev. – Haqiqatdan ham bu yerda aholining o‘tishi uchun ko‘prikka ehtiyoj bor. Bu masala bo‘yicha tuman hokimligida shakllantirilayotgan smetalarimizda mablag‘ ajratish choralarini ko‘ramiz. Ko‘prik qurib beramiz. Transport qatnovi uchun ko‘prik qurish anchagina mablag‘ va vaqt talab etadi. Shuning uchun bu yerga yengil konstruksiyali, aholining piyoda qatnashi uchun qulay bo‘lgan ko‘prik qurib beramiz. Shu yildan kechikmaydi, nasib bo‘lsa. Chunki bunaqa ko‘priklar qurish bo‘yicha tumanimizda yetarlicha tajriba va ko‘priq qurilishi uchun kerak bo‘lgan mahsulotlar zaxirasi mavjud.
Hokim o‘rinbosarining gaplariga ishondik. Umid qilamizki, mas’ullar bu safar va’dasining ustidan chiqishadi va keyingi gal ko‘prikning ochilishiga boramiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/v3sHaHcT9Bo?si=aKGZXotsA6S9qY7u" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari