Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi korxona
Boshqaruv servis kompaniyasi bu – ko‘p qavatli uylarda tashkil etilayotgan yangi xizmat ko‘rsatish shakllaridan biri. U mohiyatan mulkdorlar shirkatining bir ko‘rinishi bo‘lsada, oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalari, ish uslubi jihatidan eski tizimdan farq qiladi. Korxona o‘ziga biriktirilgan ko‘p qavatli uylardagi umumiy mulkni ta’mirlash, soz holatda ishlashini nazorat qilish, uy atrofini obodonlashtirish kabi ishlarga mas’ul.
Yangi tajriba qanchalik samara berayotgani Termiz shahridagi “Temur-Termez-Servisʼʼ MCHJ misolida ham ko‘rish mumkin.
Korxonada ish qizg‘in. Bu yerda ko‘p qavatli uylardagi barcha umumiy mulkka, xususan, tom qismini ta’mirlash, kirish yo‘laklarini yangilash, issiqlik quvurlarini almashtirish, eshiklar va oyna romlarini o‘rnatish, fasad qismi, ichki muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi. 24 soat ishlaydigan dispetcher xizmati murojaatlarni qabul qilib, muammoning yo‘nalishi bo‘yicha xodimlarni yo‘naltiradi.
[gallery-6713]
Mazkur korxona joriy yil boshida tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Termiz shahridagi Yulduz mahallasi hududida joylashgan 22 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Boshqaruv tashkilotida 8 nafar xodim mehnat qilmoqda.
MCHJ tomonidan mahallada joylashgan ko‘p qavatli uylarning tutash hududlarida bunyod qilingan bolalar maydonchalarida ayni paytda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Natijada ko‘p kvartirali uylarning me’moriy qiyofasi yanada yaxshilanib, aholi uchun zarur qulayliklar yaratilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA