Ko‘p qavatli uy yerto‘lasida qo‘ziqorin yetishtirilmoqda
Farg‘ona shahar “Yulduz” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sherzodbek Turg‘unov Koreyadagi Chunnam universitetida o‘qir edi. Pandemiya sababli uyiga qaytib, vaqtincha ishsiz qoldi.
“Yoshlar daftari” ga kiritilgan bu yigit oilasiga nafi tegish maqsadida yangilikka qo‘l urdi. Onasining maslahati asosida o‘zi istiqomat qiladigan ko‘p qavatli uy yerto‘lasida shifobaxsh va daromad manbai bo‘lgan qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Harakat qilgan, o‘z oldiga qat’iy maqsad qo‘ygan inson orzusi, albatta, ro‘yobga chiqadi.
Boshida unga ishonmaganlar, qarshiliklar bo‘ldi. Qarovsiz turgan yerto‘lani tozalab, shinam holga keltirdi. Qo‘ziqorin yetishtirayotganlarning oldiga borib, ulardan o‘rgandi va uni yetishtira boshladi. Kam xarajat, ortiqcha mehnat talab qilmaydigan qo‘ziqorindan yil davomida hosil olish mumkin. Ayni kunda bir kilogramm mahsulotning ulgurji narxi 15-20 ming so‘m. Mahsulotning asosiy xaridori qo‘ni-qo‘shnilar.
– Qo‘ziqorinning “Veshanka” navini olib kelib, parvarishlayapmiz, –deydi Sherzodbek. – Uni yetishtirish uchun tozalik, e’tibor kerak. Ukalarim bilan shu kunga qadar uch marta hosil terib oldik. Barcha xarajatlarimiz 800 ming so‘mga tushgandi. Hozirgacha ikki million so‘mdan ortiq daromad ko‘rdik. Qo‘ziqorin inson uchun foydali, oqsillarga boy. Uni parvarishlash juda oddiy. Ikkilamchi xom ashyo – sheluxa maxsus yelim qoplarga joylanib, urug‘ qadaladi, qishda issiq joyda, yozda salqinda parvarishga qo‘yiladi. Urug‘lar o‘n-o‘n besh kunda hosil bera boshlaydi. Bitta bir kilogramm sheluxa solingan qopga joylangan urug‘lar 6-8 kilogrammgacha hosil beradi. Qishda hamda hozirgi kunda qo‘ziqoringa bo‘lgan ehtiyoj ko‘p.
Yosh yigitning uy sharoitida qo‘ziqorin yetishtirayotganini eshitgan tengdoshlari ham bu biznesga qiziqmoqda. Ular ham bo‘sh turgan yerto‘lada ish boshlamoqda. Mazkur mahalla fuqarolar yig‘inida yaqinda ish boshlagan yoshlar yetakchisi Farog‘at Halimjonova bu kabi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, tadbirkorlikka yo‘naltirishga harakat qilmoqda.

– 23 ta ko‘p qavatli uylarda yashayotgan 4 ming nafardan ortiq aholining aksariyatini yoshlar tashkil etadi, – deydi F.Halimjonova. – Og‘ir hudud hisoblangan mahallamizda yoshlar bilan ishlashga muhim e’tibor qaratmoqdamiz. Ayniqsa, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli tadbirlarni tashkil etmoqdamiz. Yigirmadan ortiq yoshlarga tadbirkorlik saboqlari o‘rgatilyapti.
Ayni kunda 5 ta ko‘p qavatli uy yerto‘la qismida qo‘ziqorin yetishtirish istagida bo‘lgan yoshlar Sherzodbekdan amaliy ish jarayonlarini o‘zlashtirmoqda. Shu maqsadda loyiha tashabbuskorlariga dastlabki bosqich uchun “Yoshlar jamg‘armasi” tomonidan subsidiya ajratish yuzasidan o‘z takliflarimizni berganmiz. Farg‘ona viloyatida bugungi kunda “Yoshlar daftari” da turgan ko‘plab yigit-qizlar Sherzodbek singari biznes g‘oyalarini amalga oshirib, hayotda o‘z o‘rnini topmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA