Ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish tartibini buzmang
Shu kunlarda Toshkent viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan joylardagi ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Zangiota tumanidagi o‘rganishlar davomida ayrim fuqarolar tomonidan amaldagi shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda, uylarning tutash hududlari hamda umumiy foydalanish joylarida o‘zboshimchalik bilan yordamchi binolar, qo‘shimcha xonalar va turli to‘siqlar borligi aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan inspeksiya mutaxassislari tomonidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Aholi o‘rtasida amaldagi talablar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Shaharsozlik intizomini buzgan shaxslarga berilgan ogohlantirish va ko‘rsatmalardan so‘ng, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan bir necha noqonuniy inshootlar joyida bartaraf etilmoqda.

Inspeksiya tomonidan Toshkent viloyati bo‘yicha 2026-yilning yanvar-mart oylarida 849 ta ko‘p kvartirali uylarning texnik holati o‘rganilgan. Shundan 333 ta holatda noqonuniy qurilma va o‘zgartirishlar borligi aniqlandi. Jumladan, ayrim joylarda tayanch konstruksiyalarning buzilishi, tutash yer uchastkalarda o‘zboshimcha qurilma qurish, umumiy foydalanishda bo‘lgan joylar to‘sib olinganligi kabi holatlarga chora ko‘rildi.

Shu bilan birga, mas’ullar tomonidan ba’zi joylarda noqonuniy qurilmalar va o‘zgartirishlar yuzasidan qonunbuzarlarga ma’muriy choralar qo‘llanilgan. 65 ta noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etish uchun sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Hududlarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.
A. Musayev, O‘zA