Kontrafakt dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
Buxoro viloyatida aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi kontrafakt dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan navbatdagi tezkor tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Viloyat bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlari hamda viloyat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxs qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs xaridorga 5 million 900 ming so‘m evaziga “Metotreksat Ebeve” va “Immunoglobulin” nomli kontrafakt dori vositalarini sotish jarayonida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tadbir davomida gumonlanuvchining dorixonasi hamda unga tegishli omborxonasi ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv natijasida u yerda umumiy qiymati qariyb 140 million so‘mlik, 126 turdagi, jami 982 quti hujjatlarsiz va sifati tasdiqlanmagan dori vositalari saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Metotreksat Ebeve” asosan onkologik kasalliklar, og‘ir shakldagi revmatoid artrit va ayrim avtoimmun kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. “Immunoglobulin” esa inson organizmining immun tizimini mustahkamlash va turli infeksiyalarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, mazkur dori vositalarining kontrafakt, ya’ni kelib chiqishi noma’lum va sifati kafolatlanmagan turlari inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Hozir ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri