Konstitutsiyaviy sud himoyasi kuchayadi: Qonun loyihasi Senatga yuborildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dastlab «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini kuchaytirish, Konstitutsiyaviy sud qarorlarining sud amaliyotida samarali ijrosini ta’minlash hamda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishga doir protsessual tartiblarni aniq belgilashga qaratilgan normalarni o‘z ichiga olgan.
Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyat bilan murojaat qilish huquqini samarali amalga oshirish uchun qo‘shimcha huquqiy kafolatlar yaratilmoqda. Xususan, sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan va sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan shikoyat qilish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.

Deputatlar qayd etganidek, mazkur normalar konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, fuqarolar va yuridik shaxslarning sud himoyasiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
O‘zA