Konstitutsiyaviy huquqlar daxlsizligining sud kafolatlari: tergov sudyasi instituti takomillashmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan joriy yilning 26-may kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi regulation.gov.uz portaliga muhokamaga qo‘yildi.
Loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga, “Prokuratura to‘g‘risida”, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan qonunchilikka kiritilishi nazarda tutilgan o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida hamda 2026-yil 16-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida ilgari surilgan. Davlat dasturining 13-bandidagi davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlarida o‘ta og‘ir jinoyatlarga doir ishlarni sudda jamoatchilik vakillaridan iborat xalq vakillari hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etish hamda jinoyat protsessida majburlov choralari qo‘llanishi ustidan sud nazoratini kuchaytirib, tergov sudyalari vakolatlarini kengaytirish belgilangan. Xususan 2026-yil noyabrdan boshlab birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘ta og‘ir jinoyatlarni xalq vakillari hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi (tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar bundan mustasno).
Qonun loyihasida sudlar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rishda adolatlilik va xolislikni kuchaytirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha birinchi instansiya sudi tomonidan ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan bir nafar sudya va to‘qqiz nafar xalq vakillari hay’atida ko‘rilishi belgilangan. Xususan, o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni 9 nafar fuqarodan iborat “xalq vakillari hay’ati” ishtirokida ko‘rish tartibi, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
“Xalq vakillari hay’ati” ingliz huquq tizimiga mansub davlatlarda samarali qo‘llanayotgan jury (jyuri) instituti bo‘lib, sud muhokamasining adolatli va shaffof o‘tishiga xizmat qiladi. Bu institut Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiyada keng tarqalgan. “Xalq vakillari hay’ati” ning asosiy vazifalari sudlanuvchining aybdor yoki aybsizligini aniqlash, tergov va sud jarayonida taqdim etilgan dalillarni xolisona baholash, guvohlar ko‘rsatmalarini tinglash va tahlil qilish, mustaqil fikr asosida xulosa chiqarishdan iborat bo‘ladi.
Mazkur institutning O‘zbekistonda bosqichma-bosqich joriy etilishi sud jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va sud qarorlariga ishonchni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyiha bilan jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida prokuror, surishtiruvchi va tergovchining ehtiyot choralarini o‘zgartirish yoki bekor qilish vakolatini cheklab, ushbu vakolatni tergov sudyasi tomonidan amalga oshirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlanishida sud nazorati kuchaytirilmoqda.
Xususan, jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida qo‘llanilgan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi shaxsni bundan keyin qamoqda saqlash yoki uning uy qamog‘ida bo‘lishi uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda sud tomonidan prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, shuningdek gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning qonuniy vakili yoxud advokatning iltimosnomasiga asosan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Shuningdek, sudga qadar bosqichda qo‘llanilgan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat, shaxsiy kafillik, jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi, voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish, harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi tarzidagi ehtiyot choralar ularni kelgusida qo‘llash uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda sud tomonidan prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, shuningdek gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning qonuniy vakili yoxud advokatning iltimosnomasiga asosan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida ehtiyot choralarini bekor qilish vakolatini tergov sudyasiga berilishi jinoyat protsessining eng muhim institutsional islohotlaridan biri hisoblanadi. Vaholanki, tergov sudyasi sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklovchi protsessual qarorlar ustidan sud nazoratini amalga oshiradi. Xususan u ayblov tomoni tarkibiga kirmaydi va ishni keyinchalik mazmunan ko‘rib chiqmaydi. Shu jihatdan ehtiyot choralarini qo‘llash, uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi qarorlarni qabul qilishda u protsessual jihatdan eng xolis sub’ekt hisoblanadi.
Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mazkur vakolatning tergov sudya tomonidan amalga oshirilishi inson huquqlari kafolatlarini kuchaytiradi, taraflar tengligini ta’minlaydi va odil sudlov samaradorligini oshiradi.
Xususan Fransiyada Juge d’instruction (tergov sudyasi) – protsessual majburlov chorasini tanlash, o‘zgartirish va bekor qilish haqida qaror qabul qiladi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi. Tergov sudyasi yuqori instansiya sudi tarkibida faoliyatini rasmiy ravishda mustaqil olib boradi. Fransiya Jinoyat-protsessual kodeksining 173-moddasiga asosan sudyaning harakatlari ustidan apellyatsiya sudi huzuridagi tergov palatasiga shikoyat qilish mumkin.
Germaniya Jinoyat protsessual kodeksining 126-moddasiga muvofiq Ermittlungsrichter (tergov sudyasi) davlat ayblovi sudga kiritilgunga qadar ehtiyot choralarini qo‘llash, o‘zgartirish va bekor qilish vakolati tergov sudyasiga tegishlidir. Tergov sudyasi prokuratura va politsiyaning ayrim harakatlari ustidan sud nazoratini amalga oshiruvchi sudya sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, qamoqqa olish orderini chiqaradi, tintuv o‘tkazishga ruxsat beradi, telefon so‘zlashuvlarini eshitish va boshqa ehtiyot choralariga sanksiya beradi, ehtiyot choralarini yetarli asoslarga ko‘ra o‘zgartiradi, bekor qiladi. Protsessual majburlov choralari ustidan sud nazoratini amalga oshiradi.
Buyuk Britaniyada tergov sudyasi dastlabki tergov yakunlangach, jinoyat ishini o‘rganib, dalillarni tekshirib, ishni Qirollik sudiga muhokama etish uchun yuborishga ruxsat berish vakolatiga ega.
Estoniya Jinoyat-protsessual kodeksining 21-moddasiga binoan tergov sudyasining vakolatlari protsessual majburlov choralarini qo‘llash uchun ruxsat berish, ularni uzaytirish yoki bekor qilish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini sezilarli darajada cheklaydigan tergov harakatlarini amalga oshirmaslikda, guvoh ko‘rsatuvining ishonchliligini aniqlash va uning xavfsizligini ta’minlash zarurligini aniqlashda namoyon bo‘ladi.
Shu o‘rinda xorijiy davlatlarning jinoyat protsessual qonunlarida tergov sudyalariga berilgan vakolatlarni tahlil qilib aytish joizki, aksariyat davlatlarda tergov sudyalari jinoyat ishini qo‘zg‘atishga ruxsat berish hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llash, muddatini uzaytirish va bekor qilish vakolatini amalga oshirib, sudgacha ish yuritish bosqichida shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari buzilmasligini nazorat qiladi.
O‘zbekistonda ham Xabeas korpus institutining yanada rivojlantirilishi doirasida tergov sudyalariga protsessual ehtiyot choralarini bekor qilish vakolatining berilishi jinoyat protsessida majburlov choralari qo‘llanilishi ustidan sud nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa inson huquq va erkinliklari, shaxsiy daxlsizlik hamda aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga rioya etilishining samarali sud kafolatlarini ta’minlash imkonini beradi.
D.Anvarova,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman
sudining tergov sudyasi