Konstitutsiyamizni o‘rganamiz
Buxoroda umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” shiori ostida insho va rasmlar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” shiori ostida insho va rasmlar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Adliya vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tanlov Asosiy qonunimiz mazmun-mohiyatini o‘quvchilar ongiga chuqur singdirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, faol yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda erishayotgan yutuqlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Hakamlar hay’ati 26 o‘quvchi taqdim etgan ijodiy ishlarni Bosh qomusimiz g‘oyasi, yaratilish tarixi, unda belgilangan huquq va erkinliklar, ularning ahamiyati, konstitutsion burchini qay darajada tushunishi va ifoda etishi bo‘yicha baholashdi.
Insho yo‘nalishida Shofirkon tumanidagi 4-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Marjona Rahmonova, tasviriy san’at yo‘nalishida Buxoro shahridagi 34-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Sherzod Zoirov g‘olib bo‘ldi va mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.