Konstitutsiyamizni ingliz tilida o‘rganamiz
Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22-yilligiga bag‘ishlab “Mustaqil O‘zbekiston” mavzusida ingliz tilida viktorina bo‘lib o‘tdi.
Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22-yilligiga bag‘ishlab “Mustaqil O‘zbekiston” mavzusida ingliz tilida viktorina bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tomonidan tashkil etildi. Viktorinada poytaxtimizdagi uchta universitet va Mudofaa vazirligining oliy ta’lim muassasalari kursantlari terma jamoalari ishtirok etdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston tarixi va mamlakatimizning Asosiy qonunini nechog‘li bilishini namoyish etdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosi doirasida chet tillarni o‘qitishning kompleks tizimi yaratildi. Ushbu tizim barkamol, bilimdon va zamonaviy fikrlaydigan avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan. Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Viktorina hakamlar hay’ati a’zosi, Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining tillar kafedrasi dotsenti Shohida Abduraimovaning ta’kidlashicha, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va talabalarni chet tillarni chuqur o‘rganishga jalb etish, shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir.
Eng ko‘p ball to‘plagan Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari terma jamoasi g‘olib bo‘ldi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari ikkinchi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
– Viktorinaga puxta tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari terma jamoasi sardori, Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining uchinchi bosqich kursanti Sardor Tohirov. – Bellashuvlar davomida boshqa ishtirokchilar ham jiddiy tayyorgarlik bilan kelganiga guvoh bo‘ldik. Jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari, ayniqsa, puxta bilimga ega ekan. Viktorinada g‘olib bo‘lganimizdan g‘oyat xursandmiz.
G‘oliblarga faxriy yorliq va sovg‘alar topshirildi.