Konstitutsiyamiz – inson qadri ulug‘langan adolat qo‘rg‘oni
Konstitutsiya davlatning boshqaruv tuzilmasini yaratadigan, davlat, jamiyat va inson o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan asosiy qonun sanaladi. Shu jumladan, bu qonun sud hokimiyatining ham muhim jihatlarini belgilab beradi.
Xalqimizning xohish-irodasi bilan qabul qilingan Yangilangan Konstitutsiyamiz mamlakatimizda eng oliy huquqiy kuchga ega bo‘lib, fuqarolarning adolatga intilishini yanada kuchaytirishga, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlab, jamiyatda haqiqatning asosiy mezon bo‘lishini belgilashga yo‘naltirilgani e’tiborga sazovordir. Shunga muvofiq Bosh qomusimizda инсон va uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlari oliy qadriyat sifatida o‘z ifodasini topgan.
Yurtimizda insonning Asosiy qonunimizda kafolatlangan huquqlarini himoya qilish odil sudlovning konstitutsiyaviy vazifasi hisoblanadi. Odil sudlov esa adolatli davlat qurib, jamiyatda inson qadr-qimmatini yuksaltirishga undaydi. Shu ma’noda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni hayotning o‘zi taqozo etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonni barpo etish va belgilab olgan strategiyamizni amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratishga, davlatimizni yanada rivojlantirishning muhim vazifalarini belgilab olishga xizmat qildi.
Konstitutsiyamizga yangi kiritilgan o‘zgartirishlar O‘zbekistonda huquqiy davlat tamoyilini mustahkamladi. Endilikda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi. Davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi. Davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.
Yangilangan Bosh qomusimizda O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan har bir fuqaroga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini oldi. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyotni kafolatlash, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabi tamoyillarni o‘zi ichiga oladi. Sodda qilib aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalari ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olishi, farovonlikka erishishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi etib belgilangani, yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi va u qonun bilan muhofaza qilinishini anglatadi. Konstitutsiyamizda belgilanganidek, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan yoki teng qiymatda qoplab berilishi ta’minlanadi.
Konstitutsiyaning sud hokimiyatiga bag‘ishlangan normalarida odil sudlov va uni amalga oshirish hamda ta’minlashning muhim jihatlari o‘z ifodasini topgan. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi. Bu norma sudlarning adolatli ish yuritishida mas’uliyatni yanada oshiradi. Sudyalarning adolat tarozisini teng tortishiga, ularni hamisha adolat va haqiqat tarafida bo‘lishga undaydi. Bu kabi tamoyillarning янгиланган Konstitutsiyamizda muhrlangani unda belgilangan huquq va erkinliklardan faqat hozir emas, balki kelajakda ham avlodlarimiz erkin foydalanishida muhim hujjat vazifasini bajaradi. Masalan, yaqin yillarda ham fuqarolarimiz sudlanuvchiga oqlov hukmi chiqarilishiga ishonmas edi. Keyingi yillarda inson huquqlari ta’minlanib, odil sudlovga erishilayotgani asossiz jazolangan insonlarga oqlov hukmi chiqarishga qulay muhit yaratdi. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi bosqich sudlarida 12 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi o‘qilgan. Apellyatsiya instansiyasida 3 nafar, kassatsiya instansiyasida 7 nafar va taftish instansiyalarida 2 nafar shaxsga oqlov hukmi chiqarilib, ular sud tomonidan aybsiz, deb topilgan. Jamiyatda barchaning tengligini, adolatning nohaqlikdan ustun ekanini namoyon etayotgan bu ishlar ham Konstitutsiyamiz va u asosidagi qonunlar ustuvorligi ta’minlanayotganining amaldagi samarasidir.
Odil Normahmatov,
Surxondaryo viloyat sudi raisi o‘rinbosari,
jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi.
O‘zA