Konstitutsiya: xususiy mulk sud himoyasida bo‘ladi
Xususiy mulk kafolatisiz davlatda ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish, xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada bu yo‘nalishda qanday yangi me’yorlar belgilanmoqda?
Bu savolga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi, ekspert Sardorjon Mamanov javob berdi:
– Tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar tufayli keyingi 6 yilda tadbirkorlik sub’ektlari soni 6 barobar ko‘payib, bugungi kunda 2 millionga yetdi. Daromadi 1 million dollardan oshgan tadbirkorlar soni 26 ming nafarga, 220 nafar tadbirkorning daromadi esa 100 million dollarga yetdi.
Shu bilan birga, xususiy mulkni himoya qilish sohasidagi amalga oshirilgan islohotlar va ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan xususiy mulk daxlsizligi bilan bog‘liq muammo va nizolar mavjud edi.
Xususan, davlat organi mansabdor shaxsining noqonuniy qarorlar asosida xususiy mulk hisoblangan yerlarni «snos» shaklida olib qo‘yilishi, adolatli tovon pulini bermaslik, yoxud o‘zboshimchalik bilan xususiy mulk huquqini poymol qilish, ayrim mansabdor shaxslarning adolatsiz va asossiz vajlar bilan ko‘chmas mol-mulkni buzish holatlarini misol qilib keltirish mumkin.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 65-moddasida «Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas»ligi huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda. Bu esa xususiy mulk huquqini himoya qilishda sud kafolatini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishini anglatadi.
Sud kafolati xususiy mulkka nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Bu kafolat xususiy mulkka nisbatan mulk huquqi mulkdorning erki-xohishidan qat’iy nazar, majburiy tarzda bekor bo‘layotganda qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Bunda sud tomonidan mulk huquqini bekor bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida ob’ektiv tarzda ko‘rib chiqiladi. Albatta, mazkur tartib mulkdor har qanday holatda ham asossiz ravishda xususiy mulkdan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.
Aytish lozimki, jamiyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarning barqarorligi nafaqat ma’lum bir sohadagi qonunchilikning mukammallik darajasiga, balki eng muhim iqtisodiy huquqlarning, mulk huquqi daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatlarining qanchalik samarali bo‘lishiga bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, mazkur norma endilikda mulkdor manfaatlarining ustuvorligi tamoyilining to‘laqonli ta’minlanishi – davlatimiz siyosatining eng ustuvor vazifasiga aylanishini anglatadi.
Kiritilayotgan qo‘shimcha bilan hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi belgilanishi o‘ta muhim ahamiyat kasb etib, mulkdor huquqlari himoyasini sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mamlakatimiz sud tizimini xalqimizga yanada yaqinlashtirish, fuqarolarimizning huquqi va erkinliklarini samarali himoya qilish maqsadida uning faoliyatini soddalashtirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini keng joriy etish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasi o‘laroq mulk egalarining buzilgan huquqlarini sud orqali himoya imkoniyatini ham kengaytiradi.
Majburiy ravishda mulkidan mahrum etilishi ustidan bunday tarzda sud nazoratining o‘rnatilishi mulkning daxlsizligi prinsipiga rioya qilish maqsadida belgilangan konstitutsiyaviy kafolatlarni ta’minlaydi.
Bu normalar xalqaro hujjatlarda ham belgilangan bo‘lib, masalan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 17-moddasida «Hech kim zo‘ravonlik bilan o‘z mulkidan mahrum etilishi mumkin emas»ligi belgilangan.
Shuningdek, xususiy mulk daxlsizligi hamda undan sud qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi normalar Fransiya, Germaniya, Daniya, Indoneziya, Gruziya kabi davlatlar konstitutsiyalarida aks ettirilgan.
Deyarli barcha rivojlangan davlatlarda xususiy mulk huquqi sud himoyasiga olingan. Bu, avvalambor, odil sudlov institutiga bo‘lgan ishonch, uning xolisligi, mustaqilligi va erkinligi bilan bog‘liq.
Sud himoyasi mulk huquqining asossiz, qonunga xilof ravishda cheklanishining oldini oladi va xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlaydi. O‘z navbatida, bu xususiy mulk daxlsizligi kuchayishiga va O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi (Economic Freedom Index) «Mulkchilik huquqi» yo‘nalishi bo‘yicha egallagan o‘rinlarining yaxshilanishiga ijobiy ta’sir qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA