Konstitutsiya – xalq manfaatlari kafolati
Ma’lumki, har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, eng muhim maqsad va vazifalarini belgilab oladi.
Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyada ham xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, davlat tuzilishi o‘z ifodasini topgan.
Bosh qomusimizda jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligi kafolatlandi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratildi.

O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan 8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Konstitutsiyamiz - baxtimiz qomusi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Bosh qomusimiz xalqimizning ko‘p ming yillik boy milliy davlatchilik tarixiy-huquqiy va ma’naviy merosiga asoslanganligi, mamlakatimiz hududida davlatchilik va huquq tarixi o‘zining chuqur ildizlariga ega bo‘lib, qadim-qadim davrlarga borib taqalishi xususida so‘z bordi. Talaba-yoshlarga Konstitutsiyamizning tarixi va bugungi hayotimizdagi o‘rni haqida tushunchalar berildi.

Qayd etilganidek, Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi”, deb ta’kidlagan. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.
Tadbir doirasida Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA