Konstitutsiya – farovon hayotimiz asosi
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining birinchi bo‘limi “Asosiy prinsiplar” deb nomlanib, “Davlat suvereniteti”, “Xalq hokimiyatchiligi”, “Konstitutsiya va qonunning ustunligi”, “Tashqi siyosat” boblarga bo‘lingan.
Konstitutsiyaning dastlabki 1-moddasida O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Huquqiy davlat – huquq ustuvorligi ta’minlangan, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangan, qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir.
Ijtimoiy davlat – har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan sifatli ta’lim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, uy-joyli bo‘lish sharoiti mavjud bo‘lgan, hech bir fuqaro o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmaydigan adolatli davlatdir.
Dunyoviy davlat – diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan hamda davlat hokimiyati dindan ajratilgan, davlat boshqaruvi diniy qoidalar bilan emas, balki Konstitutsiya va qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan davlat hisoblanadi. Konstitutsiyada O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilandi.
Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshdi. Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilandiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi.
Konstitutsiyada O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilmasligi yoki boshqa davlatlarga berilmasligi belgilandi. Bu norma fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligiga ishonchini mustahkamlashga, o‘z yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarning saqlab qolinishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi ta’kidlandi. Ushbu norma chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, ta’lim olayotgan vatandoshlarimizni Vatani bilan doimiy aloqada bo‘lishiga, tili, madaniyatini saqlab qolish hamda rivojlantirishiga, ona yurti – O‘zbekistonning obro‘sini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shishiga xizmat qiladi.
Qomusimizda inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirildi. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi ta’qiqlandi. Bundan tashqari, shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi belgilandi. Ya’ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir.
Bu orqali xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengayadi. Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilish asoslari tushuntirilishi kerakligi ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi. Har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron xabarlari hamda boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Konstitutsiyamizda birinchi marotaba har kimning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha mavjud ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, murojaat etishga haqliligi mustahkamlandi. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.
Yana bir muhim norma – agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlandi. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Bosh Qomusimizda har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlandi. Har bir shaxsning respublika hududida erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi, respublikadan tashqariga chiqish huquqi hamda O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqi belgilandi. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlandiki, bu “propiska” tizimi muammosiga ham barham beradi.
Xayrullo Sobirov,
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA.