Konimexda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yildi
Navoiy viloyatining Konimex tumanida “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya markazi tashkil etildi.
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama e’zozlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirilayotgan “Faol hayotga qadam” dasturi ana shu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘lmoqda. Dastur doirasida “Keksalar reyestri”ga kiritilgan fuqarolar uchun tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini tashkil etish orqali ularning hayot sifati va salomatligini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Markazda parvarishga muhtoj fuqarolarga zamonaviy tibbiy va ijtimoiy xizmatlar taqdim etiladi. Bu esa davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning qamrovini kengaytirish, ularning sifatini oshirish va aholiga yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim amaliy natijadir.
Markazning ochilish marosimida Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Rajabov, nuroniylar, tibbiyot xodimlari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari ishtirok etdi.
– Markazda oilalarga va ehtiyojmand fuqarolarga keng turdagi reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi, – deydi tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi boshlig‘i Rustam Shanazarov. – Jumladan, elektroforez, ultratovush terapiyasi (UZT), davolovchi massaj, yengil jismoniy mashg‘ulotlar, hijoma hamda boshqa o‘n besh turdagi tibbiy-reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Kam ta’minlangan oilalar mazkur xizmatlardan vaucher asosida bepul, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa imtiyozli shartlarda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, bu kabi xizmatlar avval faqat viloyat markazida mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning Konimex tumanida ham tashkil etilgani islohotlarning amaldagi natijasidir. Bu esa chekka hududlarda yashovchi fuqarolarning vaqt va mablag‘ini tejash, sifatli xizmatlarni o‘z yashash joyida olish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Albatta, ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar inson qadrini yuksaltirish, har bir fuqaroga manzilli va sifatli xizmatlarni yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri