“Ko‘ngil ekologiyasi” - ekologik mas’uliyat targ‘iboti
O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida “Ko‘ngil ekologiyasi” rasmlar tanlovi o‘tkazildi.
Tadbir davlatimiz rahbarining 2025-yil 15-maydagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda yoshlarda ekologik madaniyatni oshirish, tabiatga bo‘lgan mas’uliyat hissini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Oybek Rahimov va boshqalar mazkur tanlov yosh avlod ongida tabiatni muhofaza qilish, uni asrab-avaylash va ekologik mas’uliyat hissini kuchaytirish, shuningdek, ijodiy tafakkur hamda estetik didni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Tanlovda Toshkent shahridagi 40 dan ziyod oliy ta’lim muassasasidan jami 150 dan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ular tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyiha jarayonlarini aks ettirgan rasmlar, “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashish”, “Atrof-muhitning ifloslanishi va hududlarni chiqindilardan tozalash harakatlari”, “Qayta ishlash va chiqindilarni saralash” mavzularidagi ijodiy ishlar taqdim etildi.

Yosh ijodkorlar o‘z asarlarida tabiat go‘zalligi, inson va atrof-muhit o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish g‘oyalarini aks ettirdi.
Ijodiy ishlarda yoshlarning ekotafakkuri, tabiatni anglash va asrash borasidagi fuqarolik mas’uliyati hamda ijodiy salohiyati namoyon bo‘ldi.

Taqdim etilgan asarlar hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholanib, har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi, ular O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

“Ko‘ngil ekologiyasi” rasmlar tanlovi yoshlarning ekologik tafakkurini rivojlantirish, ijod orqali atrof-muhitni asrash g‘oyalarini keng targ‘ib etish va jamiyatda ekologik mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi.
M. Komilova, O‘zA