Kompaniyalar faoliyati samaradorligi yo‘lida
Poytaxtimizda Person Hunters kompaniyasi tomonidan personallarni o‘qitish va rivojlantirish, korporativ madaniyat va ish beruvchining brendiga oid eng yaxshi amaliyot masalalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda Person Hunters kompaniyasi tomonidan personallarni o‘qitish va rivojlantirish, korporativ madaniyat va ish beruvchining brendiga oid eng yaxshi amaliyot masalalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi, Respublika Savdo-sanoat palatasi kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur konferensiya ishida mamlakatimiz va bir qator xorijiy davlatlarning soha mutasaddilari, biznes vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kadrlarni tayyorlash, ularning kasb salohiyatini muttasil oshirish masalalariga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Oliy va undan keyingi ta’limni tubdan isloh etish yuzasidan tizimli ishlar mutaxassislarni tayyorlashda sifat va samaradorlikni yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, biznes va tadbirkorlik yo‘nalishida kadrlar salohiyatiga e’tiborni kuchaytirish, bu borada ilg‘or usul va texnologiyalarni joriy etish, ilg‘or xorijiy davlatlarning amaliy ish tajribasini o‘rganish, tahlil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda Person Hunters kompaniyasi salkam o‘n yildan buyon samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. U mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi, autsorsing xizmati, marketing tadqiqotlari, tashkiliy konsalting, personallarni o‘qitish va rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatib keladi. Mazkur konferensiya ham personallarni o‘qitish va rivojlantirish, korporativ madaniyat va ish beruvchining brendiga oid eng yaxshi amaliyot masalalari bo‘yicha yurtimiz va xorijiy mutaxassislarining o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun keng imkoniyat yaratdi.
– Biz raqamlashgan axborotlashgan tezkor davrda yashamoqdamiz, – dedi “Apostrof-Media“ kompaniyasining rivojlantirish bo‘yicha direktori, biznes-trener Tatyana Ananeva (Rossiya). – Hayotimiz muttasil rivojlanib borayotgan ilg‘or texnologiyalar, robotlar, sun’iy aqliy vositalar bilan limmo-lim to‘lib toshgan. Bugungi kunda ish jarayonida mutaxassis yoki kadrda shunchaki oddiy xodimni emas, balki uning ehtiyoji, orzu-istaklari, iste’dodi, intilishlari, maqsad-muddaolari, salohiyati uyg‘un personalni ko‘rish g‘oyat muhimdir. Markaziy Osiyoda azaldan o‘zgalarni his etish, ularga xayrixoh bo‘lish, muomala, muloqot madaniyati mukammal yo‘lga qo‘yilgan. Texnologiyalarning ustuvorligi va kadrlarning ijodiy-intellektual imkoniyati, salohiyatini hamohanglikda ko‘ra bilish, uyg‘unlashtira olish muayyan kompaniyaga muvaffaqiyat olib kelishi bilan birga odamlarga, jamiyatga ham naf keltiradi. Demakki, bu jihat biznes uchun ham foydalidir. Bugungi konferensiyada xodimlar bilan ishlashda eng ilg‘or usul va texnologiyalar muhokama etilishi bilan birga sohaga taalluqli loyihalarning ham taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada ishtirokchilar xodimni o‘qitish va rivojlantirishning ilg‘or uslublari, korporativ madaniyat va kommunikatsiyalar mavzusida sho‘balarga bo‘lingan holda zamonaviy yondashuv, texnologiyalarni batafsil muhokama qildi. Biznes vakillari bu borada o‘zaro tajriba, fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Anjuman doirasida eng yaxshi ish beruvchilar an’anaviy “Employer Brand Award – 2019“ mukofotining g‘oliblari taqdirlandi, “Biznes – natija“, “Innovatsiyalar“, “Ish beruvchining imiji“, “Iste’dodlarni rivojlantirish“, “Ochiq muloqot“, “Xayrli ishlar“, “Yil yutug‘i“ kabi nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar ham aniqlandi .