Kommunal xo‘jalik qishga tayyormi?
Kuzning so‘nggi oyi uchinchi o‘n kunligi ob-havosi biroz iliq keldi. Gidrometeorologiya markazi ma’lumotlarga ko‘ra, 29 noyabrdan yurtimizda yomg‘ir, qor yog‘ib havo harorati pasayishi kutilmoqda. Demak qish sovug‘i bilan boshlanadi.
Yurtimizda taqvim bo‘yicha qish dekabrda boshlangani bilan havo harorati kuz oylarida pasayganidayoq uy va ish joylari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, umuman, bino va inshootlarni isitishga ehtiyoj sezamiz. Issiqlik, elektr va gaz ta’minotiga talab oshadi. Ayni chog‘da ham aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlarida isitish mavsumi boshlangan. Issiqlik ta’minoti mavjud hududlarda bu tizimdan foydalanilmoqda, yo‘qlarida esa muqobil isitish manbalari ishga solinmoqda.
Samarqand viloyatida bugungi kunda 88 ming 352 xonadondan iborat 2500 ta ko‘p qavatli uy bor. Ikki qavatdan 25 qavatgacha bo‘lgan bu uylarning asosiy qismi o‘tgan asrda qurilgan. Tabiiyki, ularning muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari ham o‘sha paytda tashkil etilgan va endilikda bosqichma-bosqich yangilanmoqda.

– Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi faoliyati takomillashtirilishi natijasida bugungi kunda viloyatimizda 48 ta boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etilib, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Samarqand viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Negmatov. – Shu bilan birga 17 ta uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyat ko‘rsatib turibdi. Boshqaruv servis kompaniyalari va shirkatlar tomonidan joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida 8 milliard 195 million so‘m mablag‘ hisobidan 543 ta ko‘p ko‘p kvartirali uyda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 198 ta uyning 33,6 ming metr kvadrat tom qismi, 408 ta kirish yo‘lagi, 122 ta uyning ichki muhandislik tarmoqlari, 95 ta uyning yerto‘lasi, 60 ta uyning tashqi tomoni kapital va joriy ta’mirlandi. 3283 ta elektr shit ta’mirlanib, tartibga keltirildi. Yo‘laklarga 173 ta kodli qulfli temir eshik o‘rnatildi. Ko‘p qavatli uylarda bir mingga yaqin energotejamkor sensor chiroqlar o‘rnatildi.
Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni issiq suv va issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida markaziy qozonxonani modernizatsiyalash ishlari yakuniga yetkazildi. Yana bitta shunday qozonxonada ishlar davom etmoqda.
Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish, aholi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida 2 ta bolalar maydonchasi qurildi, 24 tasi ta’mirdan chiqarildi. 2,400 ming metr kvadrat yo‘laklarga beton qoplama yotqizildi. 162 ta tashqi yoritish chirog‘i o‘rnatildi. 12 ta ayvoncha qurilib, 11 ta artezian quduq qazildi.

Bu ishlarning amalga oshirilgani yaxshi, albatta. Ammo sovuq kunlarda aholi xonadoni issiq bo‘lishi, elektr va gaz ta’minotida uzilish bo‘lmasligini istaydi. To‘g‘ri, keyingi yillarda elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida biroz tartib o‘rnatildi. Lekin isitish tizimi bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, Samarqand shahar markaziy isitish tizimi ishdan chiqib, bir necha yildan buyon mazkur tarmoqni modernizatsiyalash ishlari amalga oshirilmoqda. Shaharda o‘tgan asrning 90 yillarigacha qurilgan ko‘p qavatli uylar asosan markaziy isitish tizimi orqali issiqlik va issiq suv bilan ta’minlangan. Keyingi yillarda mazkur tarmoq ishlamagani sababli aholi xonadonini elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanib isitib kelmoqda. Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Farhod shaharchasi, Sartepa va So‘g‘diyona massivlaridagi ko‘p qavatli uylarda bir necha yildan buyon issiqlik ta’minoti mavjud emas.
So‘nggi o‘n yillikda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning har birida individual isitish qozonlari o‘rnatilib, bu boradagi muammolarga barham berilgan. Shahardagi yana ayrim ko‘p qavatli uylarda alohida qozonxona o‘rnatilib, issiq suv va issiqlik manbai bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgandi. Lekin bu tajriba ham to‘la o‘zini oqlamagani bois keng qo‘llanilmayapti.
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi mas’ullarining qayd etishicha, shahardagi markaziy qozonxona va isitish tarmoqlari modernizatsiyasi kelgusi yilda yakuniga yetgach, ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta’minoti 80 foizgacha qoplanadi. Lekin ungacha yana bir qish bor.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi 260 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi aholini ham bir necha yildan buyon shu muammo qiynaydi. Hartugul bu yil Vatanparvar va Amir Temur mahallalarida to‘rt va besh qavatli 20 ta uydagi mingdan ziyod xonadonni markazlashgan issiqlik bilan ta’minlash uchun lokal qozonxona qurish rejalashtirilibdi. Salkam 3,5 milliard so‘mlik ushbu loyiha bo‘yicha ishlarni yanvar oyida yakunlash ko‘zda tutilgan. Agar mazkur tizim o‘zini oqlasa, keyingi yillarda boshqa uylarda ham shunday qozonxonalar o‘rnatilar ekan. Ungacha esa aholi xonadonlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan isitib turishga to‘g‘ri keladi. Lekin tabiiy gaz ko‘p qavatli uylarga faqatgina xonadondagi gaz plitasi uchun yetkazib berilishini hisobga olsak, asosiy yuk elektr tarmoqlariga tushishi ayon bo‘ladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyatda 3051,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1243 dona transformator punkti mukammal hamda 7021,9 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 2116 ta transformator punkti joriy ta’mirdan chiqarilgan.
Mavsumni betalofat o‘tkazish va avariyalarni tezkor bartaraf qilish uchun turli quvvatdagi transformatorlar, 15 kilometr kabel va sim, 500 dona temir- beton ustun, 50 dona avtomat, 60 tonna transformator moyi va boshqa zarur vositalar zaxirasi yaratilgan. 542 nafar ishchi va 42 ta maxsus texnikadan iborat 84 ta avariya brigadasi shakllantirilgan.
Xullas, hozircha barcha hisobot va ma’lumotnomalarda mavsumga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilgani va hokimliklar, kommunal soha idoralarida shtablar tashkil etilgani qayd etilmoqda. Bu ishlarning qanday natijada berishi, samarasi esa uzoq emas, yaqin kunlarda yaqqol ko‘rinishi aniq. Ishqilib, o‘sha paytda mas’ullar yer chizib qolmasa bo‘lgani.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri