Kommunal xizmatlar sifati prokuratura nazoratida
Prokuratura organlari tomonidan qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholini yoqilg‘i energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, energiya tejamkorlik va sohadagi talon-torojliklarni oldini olish, energiya resurslarini yetkazib beruvchi ta’minotchi korxonalarning mavsumga shayligi doimiy nazoratga olingan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining birinchi o‘rinbosari Ye.Kaipbergenov rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra Qonliko‘l tumanida bo‘lib, ijtimoiy soha ob’ektlarining mavsumni betalafot o‘tkazishga shayligi, qozonxonalarining uzluksiz faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi ahvoli o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf qilindi. Shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari hamda gaz ta’minoti bo‘limlarida bo‘lib, navbatchi dispetcherlarga kelib tushgan murojaatlar asosida avariya brigadalarining shay holatda chaqiruvga o‘z vaqtida yetib borishlari, zaxira omborlarining ahvoli o‘rganildi.



Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi vakillari Nukus shahridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi, respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, respublika shoshilinch yordam ilmiy amaliy markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Xo‘jayli hamda Amudaryo tumanlari tibbiyot birlashmalaridagi sharoitlar va mavjud muammolarni ham o‘rganib, bemorlar holidan ham xabar olindi. Shifoxonalarda qayd etilayotgan kasalliklar dinamikasi bilan tanishib, mas’ullarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri