Ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlari joriy etilmoqda
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining Ko‘mir sanoatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Laziz Teshaboyev ishtirokida ko‘mir sanoati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda sohadagi islohotlar natijasida ko‘mir qazib chiqarish hajmi va xususiy sektorning ishtiroki ortib bormoqda. 2025-yilda 16 ta tadbirkor tomonidan 1 million 416,3 ming tonna ko‘mir qazib chiqarilib, iste’molchilarga yetkazib berilgan. 2026-yilda xususiy sektor tomonidan 2 million 554 ming tonna ko‘mir qazib chiqarish rejalashtirilgan.
2017-2026-yillarda yillik ko‘mir qazib chiqarish hajmi 4 million tonnadan 10 million tonnaga yetkazildi. 2026/2027-yillar kuz-qish mavsumida bu ko‘rsatkichni 11 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Joriy yil yanvar-iyul oylarida esa 4,4 million tonna ko‘mir qazib chiqarilib, davriy reja 100 foizga bajarilgan.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani sababli sohada ko‘mir resurslaridan samarali foydalanish va raqobat muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori bilan ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish belgilandi. Unga ko‘ra, iqtisodiyotning real sektori va boshqa iste’molchilarga mahalliy ko‘mir birja savdolari orqali sotiladi. Aholi va byudjet tashkilotlarini barqaror ta’minlash uchun esa ta’minot korxonalari orqali yetkazib berish tizimi joriy etiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bir kalendar yili davomida xarid qilingan har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘mdan, biroq jami 600 ming so‘mdan oshmagan miqdorda kompensatsiya to‘lanadi. Shuningdek, respublika hududlarida aholi va byudjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan mahalliy ko‘mir uchun temir yo‘lda tashishning yagona tarifi joriy etildi.
Ko‘mir narxlarining asossiz oshirilishining oldini olish maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazorat o‘rnatiladi. Import qilinadigan ko‘mirning sifati va ekologik xavfsizligi bo‘yicha ham talablar belgilanib, zaruratga ko‘ra hududlarda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi.
Sohada investitsiya loyihalari ham kengaymoqda. Toshkent viloyati Angren shahrida Xitoy kompaniyasi tomonidan “Nishbosh” ko‘mir konini o‘zlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Qiymati 494,1 million dollar bo‘lgan loyihaning yillik quvvati 10 million tonnani tashkil etadi. Unda 880 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, quvvati 1,4 GVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi ham ko‘zda tutilgan. Uning investitsiya qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lib, qurilish davrida 1,5 mingta, to‘liq ishga tushgach 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda ko‘mir qazib chiqarish sohasida 19 ta xususiy tadbirkor faoliyat yuritmoqda. 2023-2025-yillarda ular tomonidan 3,7 million tonna ko‘mir qazib chiqarilib, sohaga 127 million dollar xususiy investitsiya kiritilgan. Umuman, so‘nggi to‘qqiz yilda ko‘mir sanoatiga 322 million dollar investitsiya jalb qilingan.
Brifingda Laziz Teshaboyev ta’kidlaganidek, islohotlardan asosiy maqsad sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ko‘mir qazib chiqarish hajmini oshirish, investitsiyalarni keng jalb qilish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini ko‘mir bilan barqaror ta’minlashdan iborat.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA