Ko‘mir sanoati: imkoniyatlar katta
Oxirgi yillarda mamlakatimiz ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmini yanada takomillashtirish, belgilangan sifat hamda miqdorlarda ta’minlash, iste’molchiga yetib borish jarayonlarini tizimli yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati esa ko‘mir qazib oluvchi va yetkazib beruvchi yirik va yetakchi tashkilot bo‘lib, uning tasarrufidagi konlarda muntazam ravishda samarali ish tashkil qilingan. Xususan, 1 milliard 800 ming tonna aniqlangan zaxiraga ega “Angren” ko‘mir havzasida faoliyat olib borayotgan “Apartak” ko‘mir koni tarixi 1968 yildan boshlanadi.

Tarixga nazar solsak, o‘shanda sobiq “Sredazugol” ishlab chiqarish birlashmasi direktori G.Ibragimov taklifi bilan Angren ko‘mir havzasiga “Qizilqum” starateli jamoasi taklif etildi. Maqsad Angren ko‘mir havzasidan yoqilg‘i qazib olishning qo‘shimcha quvvatlarini ishga tushirish bo‘lgan. Bu paytda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida oltin qazib olish bilan shug‘ullanayotgan staratelchilar bu vazifani muvaffaqiyatli uddaladi.
“Qizilqum”ni boshqarayotgan konchi S.Bondarenko katta tashkilotchilik va tadbirkorlik salohiyatiga ega edi. U ikki oy ichida Pomirdan zarur kon texnikasini olib keldi va Navgarzon uchastkasida kon ochish ishlarini tezlik bilan boshladi. Xayrli ish tezda natija berdi. Konda keyingi yilda 780 ming tonna “qora oltin” qazib olishga erishildi. Kelgusi yillarda ko‘rsatkichlar 1 million tonnaga yetdi.

Ammo, 1997 yilda Navgarzon uchastkasida katta ko‘chki yuz berdi va bu yerda kon ishlarini to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Shu tariqa “Apartak” konida faoliyatni tiklash taklif qilindi va ular mavjud kon texnikasini shu yerga ko‘chirdi. 1998-2000 yillarda “Apartak” konidan 1,2 million tonna ko‘mir qazib olindi.

2001 yilda “Qizilqum”dan “Angren” uchastkasi ajralib chiqdi va “Apartak” ochiq aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi. Ushbu jamiyatni konchilik sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan geologiya-mineralogiya fanlari doktori F. Ismoilov boshqardi. 2004 yilda “Apartak” yopiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi va S.Lebedov rahbarligida faoliyat olib bordi. 2005 yilda jamiyat ko‘mir qazish bilan birga, uni realizatsiya qilish huquqini ham qo‘lga kiritdi.

Hozirgi kunda “Apartak” ko‘mir koni filiali “O‘zbekko‘mir” AJ tarkibida faoliyat olib bormoqda. Ikkita ko‘mir kareri va beshta uchastkada 370 nafardan ko‘proq kishi mehnat qilmoqda. Filialda 13 ta ekskavator, 4 ta buldozer, 2 ta ortish mashinasi, 2 ta avtogreyder, 22 ta og‘ir yuk tashuvchi avtosamosval, 1 ta avtobus, 2 ta avtokran, shuningdek, bir necha yengil avtomobil va konveyer liniyasi ishlab turibdi. Korxona yiliga o‘rtacha 387,5 ming tonna ko‘mir qazib chiqarish, 2 million 213,4 ming kub metr ko‘mirning ustki qatlamini ochish quvvatiga ega.
So‘nggi yillarda ko‘mir sanoatiga bo‘lgan e’tibor oshishi, texnika parkining yangilanishi natijasida bu yerda ko‘mir qazib olish sur’atlari tobora ortmoqda. Joriy yilda “Apartak” konida ilk marotaba 1,2 million tonna ko‘mir qazib olindi. Bu boradagi sa’y-harakatlar tizimli davom ettiriladi.
Ruslan Ismanov,
“O‘zbekko‘mir” AJ “Apartak” ko‘mir koni filiali direktori.
O‘zA