Kombinatda har bir yosh qo‘llab-quvvatlanadi
Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS” Olmaliq filialida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov kombinat yoshlarini bayram bilan tabriklab, ular bilan yaqindan muloqot qildi.
– bugungi kunda yurtimizda yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan, bundan sizlar unumli foydalanib, ilm olishingiz va izlanishingiz lozim, – deydi Abdulla Xursanov. – Kuni kecha qabul qilingan Prezidentimizning farmoni bilan Rux zavodi kimyoviy ishlab chiqarish laboratoriyasi guruh rahbari Nargiza Otaqulova “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi. Bu barchamizni g‘ururlantirdi.
Bilasizlar, davlatimiz rahbari raisligida 28 iyun kuni mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda malakali mutaxassislarni jamlab, mis sanoati klasterini tashkil etish bo‘yicha chet el tajribasini chuqur o‘rganish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatish, geologiya va kon-metallurgiya sohasini rivojlantirish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.
Endilikda mis sanoati klasterining har bir bo‘g‘ini uchun oliy ma’lumotli muhandis-texnolog hamda ishchi mutaxassislarni tayyorlash, shu maqsadda yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlari olib boriladi. Mis sanoati klasterining tashkil etilishi, shubhasiz, siz yoshlar uchun yangi-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Ushbu ustuvor va istiqbolli vazifalarni amalga oshirishda bizga albatta, chuqur bilimga ega, izlanuvchan, tashabbuskor yoshlar kerak. Ishonamanki, orangizda biz izlayotgan, yangi g‘oya va ilmlari bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga tayyor yoshlar juda ko‘p. Biz sizlarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyormiz.
Tadbirda yoshlar bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Mis boyitish fabrikasi yoshlar ittifoqi raisi Bobur Sobirjonov rekonstruksiya va loyihalash ishlarida yoshlar uchun alohida shtat tashkil etilishini, bu ishlarda yoshlarning faolligini ta’minlash, Elektr tarmoqlari boshqarmasi muhandisi Oxunjon Usmonqulov kombinat miqyosida muqobil elektr va qayta tiklanuvchi elektr manbalaridan foydalanish taklifini berdi.
Shuningdek, Avtomobil transporti boshqarmasi yetakchi muhandisi Doniyorxon Rasulov kombinat avtokorxonalaridagi haydovchilarning malakasini oshirishda kombinatning o‘zida o‘quv kurslarini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
Bundan tashqari, bir guruh yoshlar tomonidan texnopark, yoshlar bog‘ini tashkil etish, ovqatlanish talonlarini elektron tarzda berilishini yo‘lga qo‘yish, noqulay sharoitlarda ishlayotgan xotin-qizlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish kabi taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbirda har bir taklif o‘rinli ekanligi, ushbu takliflarni hayotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida yoshlar masalasida faol bo‘lgan rahbar xodimlar va yetakchi yoshlar turli nominatsiyalar bo‘yicha kombinatning “Yoshlar fidokori” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Yoshlar oyligi doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan turli sport musobaqalari, tanlovlar g‘oliblariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Axborot xizmati