Kombinat xotin-qizlari sharaflandi
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov so‘zga chiqib, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda, Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lgan farzandlarimizni tarbiyalashda hamda kombinatning erishayotgan yutuqlarida xotin-qizlarning alohida o‘rni borligini ta’kidladi.

Bugungi kunda kombinatda 6150 nafar, “Navoiyuran” davlat korxonasida 892 nafar, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida 5669 nafar, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalari universitetida esa 278 nafar xotin-qiz faoliyat olib bormoqda.

Ular orasida davlatimizning yuksak orden va medallari sohiblari, tashabbuskor rahbar ayollar, pedagog-olimalar, deputatlar bor. Jumladan, o‘tgan yillar davomida fidokorona mehnat qilayotgan 40 nafar ayol yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2024 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovda 2 nafar xotin-qiz deputat etib saylangan. Birgina 2024 yilda xotin-qizlarning 13 nafari “Konchilar shuhrati” ko‘krak nishoni, 21 nafari “NKMK faxriysi” unvoni bilan taqdirlangan.

Prezidentimizning 2025 yil 3 martdagi “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, “Navoiyuran” davlat korxonasining Uran ishlab chiqarish zavodi texnologik laboratoriyasi kimyoviy tahlil laboranti Irodabonu Ro‘ziyeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Janubiy kon boshqarmasi Issiqlik, suv ta’minoti va oqova suvi sexi muhandisi Jamila Sodiqova esa “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoniga munosib topildi.

– Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, bu sohada ishlash, albatta, sharafli, ammo o‘ta mashaqqatlidir, – deydi Jamila Sodiqova. – Men shunday mukofotga sazovor bo‘lganimdan nihoyatda xursand bo‘ldim. Bunday e’tirof va ehtirom kombinat xotin-qizlari mehnati va mening o‘ttiz besh yillik xizmatlarimga berilgan baho, deb bilaman. Buning uchun, eng avvalo, davlatimizdan va meni qo‘llab-quvvatlagan kombinat rahbariyatidan cheksiz minnatdorman. Bu soha chinakam mehnat, matonat, izlanish va intilish talab etadi. Yer qa’ridan ma’dan qazish, tonna-tonna rudadan grammlab oltin ajratib olish o‘ta murakkab jarayondir. Shuningdek, bugungi kunda ko‘plab ayollarimiz namuna bo‘lib, ulkan kranlar, qudratli kon texnikalari, zamonaviy texnologiyalarni boshqarmoqda.

Tadbirda an’anaga ko‘ra, sohada mehnat qilayotgan bir guruh xotin-qizlar “NKMK faxriysi” ko‘krak nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

“Farhod” madaniyat saroyi badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan dastur barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri