Ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi
Jizzaxda inson umriga mazmun, jamiyat hayotiga fayz bag‘ishlagan halol mehnat egalariga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda yillar davomida turli sohalarda samarali mehnat qilib, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan nuroniylar, jamoatchilik vakillari hamda faollar ishtirok etishdi.
Tantanada 54 nafar jizzaxlik “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ularning har biri taqdir yo‘li, kasbi va hayot tajribasi bilan bu e’tirofga munosib. Zero, yillar davomida el xizmatida bo‘lish, kasb mas’uliyatini yelkada ko‘tarish, oila va jamiyat oldidagi burchni sidqidildan ado etish — bir kunda erishiladigan marra emas. Bu — umr bilan o‘lchanadigan matonat va sadoqat maktabidir.
[gallery-31116]
Marosimda Jizzax viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev hamda “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, taniqli jurnalist Sharof Ubaydullev so‘zga chiqib, taqdirlanganlarni va tadbir ishtirokchilarini mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy qutladi.
Mukofotlarni Sahobiddin Boliyev, Sharof Ubaydullev hamda “Nuroniy” jamg‘armasining Jizzax viloyati bo‘limi raisi Norqul Nusharovlar topshirishdi.
Prezident farmoni va qarori ijrosi doirasida “Nuroniy” jamg‘armasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan faxriylarning jamiyatdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, boy hayotiy tajribasidan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda keksalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tantanali tadbirning yana bir muhim jihati shundaki, unda turli avlod vakillari bir davrada jam bo‘ldi. Bu esa mehnat an’analari, hayotiy tajriba va ezgu qadriyatlarni avloddan avlodga yetkazishdek muhim vazifaga hamohangdir.
Marosim yakunida nuroniylar va mehmonlar uchun dasturxon yozilib, samimiy suhbatlar qurildi. Viloyatning san’at ustalari hamda ijodkor yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi esa bayramona kayfiyatni yanada ko‘tardi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari