Ko‘kdalada mudofaa ishlari bo‘limi ham faoliyat boshladi
Qashqadaryo viloyatida yangi tashkil qilingan Ko‘kdala tumanida boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari qatorida bugun tuman mudofaa ishlari bo‘limi ham yangicha dizayn va formatda qurib bitkazilgan binoda faoliyat boshladi.
Binoning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi M.Azimov va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Sh.Hairov va boshqalar ishtirok etib, zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishda qurib bitkazilgan mudofaa ishlari bo‘limining binosi yoshlarni chinakam harbiy xizmatga tayyorlovchi, ularda vatanparvarlik, mardlik va jasorat tuyg‘ularini shakllantiradigan maskanga aylanishini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari binoda yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Zamonaviy dizayn asosida barpo etilgan ushbu binoda navbatchilikni o‘tash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron ma’lumotlar bazasini yuritish xonasi mavjud. Xizmat xonalari mebel, qish-yoz tizimida ishlaydigan sovitish tizimlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan to‘liq jihozlangan.
Binoning ichki devorlariga osilgan armiyamizning jangovar qudrati, salohiyati, buyuk ajdodlarimizning jasoratidan darak beruvchi ko‘rgazmali vositalar bu yerga keladigan yoshlar mamlakatimizning mudofaa salohiyati haqida kengroq bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri