KOISA bolajonlarga ertak kitoblari hadya qilmoqda
Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOISA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1995 yildan buyon ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va e’tiborga molik sohalarda texnik hamkorlik va almashinuvni rag‘batlantirish maqsadida faoliyat olib boradi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida oliy darajadagi muloqot sezilarli darajada faollashishi, tabiiyki, KOISAning mamlakatimizdagi sa’y-harakatlari yanada jadallashishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Endilikda tuzilma muntazam ravishda ish jarayoniga ko‘ngillilar (volontyorlar)ni yo‘naltirib kelmoqda. Afsuski, 2020 yil mart oyidan boshlab butun dunyo bo‘ylab tarqalgan koronavirus O‘zbekistonga ham kirib keldi. Pandemiya sabab barcha volontyorlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, KOISA ko‘ngillilari Koreyaga qaytarib yuborildi. Shunga qaramay, agentlik pandemiya davrida ham volontyorlik dasturining yangicha shakldagi loyihalarini joriy etish orqali hamkorlar bilan aloqani uzluksiz ravishda rivojlantirish yo‘lida harakat qilib kelmoqda.

KOISA tomonidan SOVID-19 pandemiyasiga javob chorasi dasturi doirasida taqdim etilgan shunday yangi loyihalardan biri yordamga muhtoj bolalar uchun mo‘ljallangan rasm-bezakli ertak kitoblari jamlanmasidir. KOISA volontyorlari va Koreyada yashovchi turli xalq vakillari hamkorligida yaratilgan mazkur ajoyib o‘quv qo‘llanmasi mamlakatimizdagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchasi va Maxsus maktablar bolalariga sovg‘a tariqasida tarqatila boshlandi.
Ushbu ezgu niyatni amalga oshirish jarayonida turli mamlakatlar vakillaridan iborat ko‘ngillilar bilan birgalikda “Moviy qush siz tomon uchib keldi” loyihasi doirasida "Ona mamlakat ertaklari" hikoyalar to‘plamiga kiritilgan 15 ta ertak yaratildi. To‘plam mo‘g‘ul, o‘zbek, qirg‘iz, birma, vetnam, eron, koreys va ingliz tillarida yozilgan an’anaviy 11 ertakni jamlagan. Koreya Xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi shu ertaklardan 8 tasini tanlab oldi va o‘zbek, rus tillariga tarjima qildi. Ushbu kitoblar Maktabgacha ta’lim va Xalq ta’limi vazirligiga qarashli 86 maxsus maktab, 17 bolalar bog‘chasiga hadya qilinadi.

Kitoblarning ilk jamlanmasi Toshkent shahri Xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 21-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga taqdim etildi. To‘plamda turli xil millatlar ertaklari o‘zbek, koreys va rus tillarida berilgan. Quvonarlisi, har bir kitob ichida qaysi millat yoki xalq ertagi bo‘lsa, o‘sha davlat haqida batafsil axborot, ya’ni bayrog‘i, aholisi, geografik joylashuvi va boshqa turli eng zarur ma’lumotlar qo‘shimcha qilingan. Demak, o‘g‘il-qizlar nafaqat biror millat ertagini o‘qiydi, balki o‘sha mamlakat, xalq haqida ham anchagina tasavvur hosil qiladi.
- Hech kimga sir emas, bugungi kunda axborot texnologiyalari, telefon, internet kattalar bilan birga bolalarimiz hayotiga ham chuqur kirib kelyapti, - deydi 21-Mehribonlik uyi direktori Umida Mamanova. - Bu jarayonda farzandlarimizning kitob bilan do‘stlashishini targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda ushbu loyiha juda qadrli, deb o‘ylayman. Sababi, bu kitoblar turfa suratlar, bezaklar bilan boyitilgan. O‘qilishi ham yengil, ya’ni bolalar tilida yozilgan. Qolaversa, ertaklarning bir necha tilda berilishi kichkintoylarimiz muayyan xorijiy tilni o‘zlashtirishlariga ham yaxshigina ko‘maklashadi.

Ushbu to‘plam tez orada Milliy bolalar tibbiyot markazi, koreys tili o‘rganiladigan va KOISA ko‘ngillilari ishlaydigan o‘quv muassasalari hamda Toshkentdagi Koreya muassasalariga ham topshiriladi.
Bundan tashqari, "Ona mamlakat ertaklari" to‘plamidan tanlab olingan o‘zbek tilidagi bir hikoya video shaklida, surdo tarjimasi bilan tayyorlanishi rejalashtirilgan. Keyinchalik bu video mahsulot imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar uchun maxsus muassasalarga tarqatiladi.
Hozir koreys tilidagi barcha to‘plamlar KOISA ODA kutubxonasi veb-saytida va SNS World Friyends Koryea kanali (YouTubye: https://www.youtube.com/WFKvideo, blog: https://blog.naver.com/wfk2012)da mavjud. Yaqin kelajakda bu to‘plamlar KOISAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Facebook sahifasida ham (https://www.facebook.com/koica.uzbek) joylashtiriladi.
Darvoqe, 1 aprel kuni Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOISA) tashkil etilganiga roppa-rosa 30 yil to‘ldi. 2 aprel kuni esa butun dunyoda “Xalqaro bolalar kitob kuni” keng nishonlandi. O‘zbekistonlik bolajonlarga aynan shu ikki sana munosabati bilan kitoblar topshirilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor, albatta.
G‘ayrat XONNAZAROV,
O‘zA muxbiri