Ko‘hna va boqiy Buxoro bayram og‘ushida
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida Buxoro viloyatida keng nishonlandi.
Bayram tadbiri istiqlol tarannum etilgan badiiy-musiqiy, teatrlashtirilgan chiqish bilan boshlandi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan taklif etilgan davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan buxoroliklar, mehnat faxriylari, harbiylar, faol yoshlar ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov barchani mustaqillikning o‘ttiz ikki yillik to‘yi bilan muborakbod etdi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda, xususan, viloyatda qurilish, bunyodkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, jamiyat ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilganligini ta’kidladi.
Buxoroliklar ham mustaqilligimizning qutlug‘ o‘ttiz ikki yilligini munosib to‘yonalar bilan qarshi olmoqda. Xususan, bayram arafasida viloyatning turli go‘shalarida o‘nlab yangi ishlab chiqarish ob’ektlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim maskanlari, zamonaviy va shinam turar joylar qurib bitkazilmoqda.
Albatta, barchamizni xursand qiladigan bunday o‘zgarishlar o‘nlab, yuzlab oilalar hayotiga shodlik va baxt olib kelmoqda. Hech shubhasiz, hayotda mana shunday quvonchli voqealar yuz berganda insonning qaddi ham, qadri ham ko‘tariladi. Bunday damlarda shak-shubhasiz, yurtimizdagi o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z hayoti misolida his qilayotgan odamlar haqiqat va adolat borligiga, turmushida yangilanish ro‘y berayotganiga ishonadi. Istiqlol Vatanimizni, xalqimizni eski mustabid tizim kishanlaridan ozod qilgani, milliy demokratik davlat qurish, barcha mamlakatlar va xalqlar bilan teng bo‘lib, farovon hayot barpo etish yo‘lini ochib bergani bilan qadrli va mo‘’tabardir.
Mamlakatimiz Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Oradan hali qancha yillar, asrlar o‘tadi. Yurtimizda yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yo‘lida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz —jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, o‘chmas sahifa bo‘lib qoladi”.
Darhaqiqat, aynan mustaqillik toptalgan qadriyatlarimizni, dinu diyonatimizni, or nomusimizni tikladi. O‘zligimizni anglash, xalqimizning orzu-intilishlariga, milliy manfaatlariga javob beradigan kelajagimizni qurish yo‘lini ochib berdi.
[gallery-13356]
Bu fikrning yaqqol tasdig‘ini birgina viloyatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniyat, turizm va sport hamda boshqa sohalarda erishgan yutuqlari misolida ham ko‘rish mumkin. Viloyatda turli jabhalarni o‘zida qamrab olgan dasturlar asosida aniq maqsadlar yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot 103,6 foizni tashkil etdi. Shuningdek, 17 trillion 300 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Viloyatning eksport salohiyati oshib borayotgani, jumladan, joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida hududiy korxonalar tomonidan xorijga 123,8 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulot eksport qilingani ham katta yutuqdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lgan aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda butun mamlakatimizni qamrab olgan yil dasturi doirasida viloyatda 985 qishloq hamda 435 mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal davom ettirilayotgani, joylardagi qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun ayni vaqtga qadar umumiy qiymati 4,7 trillion so‘m mablag‘ sarflangani bu boradagi ishlar ko‘lamidan dalolatdir.
Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi umumfoydalanuvdagi hamda ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarida 1 trillion so‘mlik qayta qurish va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va kapital rekonstruksiya qilish bo‘yicha so‘nggi bir yilda 48 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgani alohida e’tirofga zgacha fayz bag‘ishladi. Vatan, unga sodiqlik, qanday buyuk yurtda umrguzaronlik qilayotganimizni yana bir karra his qilishga undadi.
Bayram dasturi so‘ngida buxorolik xonandalar, shuningdek, poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi. Viloyat markazidagi so‘lim bog‘da bo‘lib o‘tgan tantana shukuhi qalblarga ko‘chdi. Yurtdoshlarimizga bayram shukuhini hadya etayotgan bu kabi tantanalar viloyatning barcha tuman va shaharlari, mahallalari, mehnat jamoalarida davom etmoqda.
Mushaklar esa Mustaqillik bayrami osmoniga turfa ranglar qo‘shdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA