Ko‘chmas mulkka oid qonunda nimalar o‘zgardi?
So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan ko‘chmas mulkka doir munosabatlarni tartibga solish va qonunchiligimizni mustahkamlash bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 28 noyabr kuni «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.
Xo‘sh, mazkur qonunning maqsad va vazifalari qanday? Ushbu qonun qaysi holatlarda amal qiladi yoki amal qilmaydigan tomonlari ham bormi? Ushbu savollarga O‘zbekiston milliy universiteti «Fuqarolik jamiyati va huquq ta’limi» kafedrasi o‘qituvchisi Akmaljon Rahimjonov javob berdi.
– Qonunning asosiy maqsadi etib, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish belgilandi. Qonunning amal qilish sohasi esa ko‘chmas mulkning yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan ob’ektlarga, ko‘p yillik dov-daraxtlarga, mulkiy majmua sifatidagi korxona turlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga nisbatan tatbiq etiladigan bo‘ldi.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, ushbu qonunning amal qilishi yer osti boyliklariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmasligi ham belgilab qo‘yildi.
Shu bilan birga, qonunda identifikatsiya qilishga oid ma’lumotlar, kadastr pasporti, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni birlamchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, cheklanishi, ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish, ob’ektning kadastr raqami, huquqni belgilovchi hujjatlar, huquq egasi kabi tushunchalarga ham to‘xtalib o‘tilgan.
– Ko‘chmas mulkka bo‘lgan qanday huquqlar yoki cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarur?
– Endilikda qonun kuchga kirganidan so‘ng ko‘chmas mulkka bo‘lgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘ladi. Jumladan, mulk, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, ijara, ikkilamchi ijara, xo‘jalik yuritish, operativ boshqarish, ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish va bepul foydalanish huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Shuningdek, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarga nisbatan qonundan kelib chiqadigan yoki vakolatli davlat organlari tomonidan qo‘yilgan cheklovlar ham ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
– Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni bekor qilish tartibi qanday?
– 2023 yil mart oyining 1 sanasidan boshlab ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni faqatgina ikki holatda bekor qilish mumkin. Birinchi holat ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chog‘ida yuzaga keladigan nizolar sudga qadar hal qilish komissiyasi tomonidan bekor qilinadi. Ikkinchi holatda esa sudning qaroriga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.
– Kimlar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiradi?
– Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda vositachilar amalga oshiradi.
Barchada kimlar vositachilar bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Qonunda bu haqida aniq keltirib o‘tilgan bo‘lib, qonuning 16-moddasida vositachilar deb jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan elektron axborot almashuvchilar tushuniladi. Vositachilar davlat xizmatlari markazlari, notarial idoralar, notariuslar, riyeltorlik tashkilotlari, tijorat banklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shu bilan birgalikda Prezidentimiz qarorlarida belgilab qo‘yiladigan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bo‘lishi mumkin.
– Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga doir harakatlar qancha muddatda amalga oshiriladi?
– Qonunning 43-moddasiga binoan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga doir harakatlar tegishli hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga kelib tushgan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida amalga oshiriladi.
– Qaysi payt ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hisoblanadi?
– Qonunning 46-moddasiga binoan davlat reyestriga yozuv kiritilgan sana va vaqt ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdir.
Hech shubhasiz aytish mumkinki, ushbu qonun ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha munosabatlarni qamrab olgan.
Endilikda qonunga asosan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda amaliyotda mavjud bo‘lgan va ko‘p uchrab turgan tushunarsizlik va muammolar o‘z yechimini topadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA