Ko‘chmas mulk bozori: Markaziy tumanlar bilan shahar chekka hududlari o‘rtasidagi narxlar tafovuti hali ham yuqori
Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar bozorida taklif narxlari keng diapazonda shakllanmoqda. Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan elektron savdo platformalarida joylashtirilgan e’lonlar asosida o‘tkazilgan navbatdagi tahlil poytaxt tumanlari o‘rtasida narxlar sezilarli darajada farq qilishini ko‘rsatdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning 1 kvadrat metr uchun taklif narxi 7 million so‘mdan 57 million so‘mgacha bo‘lgan oraliqda qayd etilgan. Bu esa shahardagi joylashuv, infratuzilma, uyning holati va boshqa omillar kvartira qiymatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini anglatadi.
Xonadonlar toifasi bo‘yicha eng past va eng yuqori taklif narxlari quyidagicha shakllangan. 1 xonali kvartiralar segmentida eng arzon taklif Bektemir tumanida qayd etilib, 1 kvadrat metr uchun 9 million so‘mni tashkil etgan. Eng qimmat taklif esa Shayxontohur tumanida bo‘lib, 50 million so‘m/kv.mga yetgan. 2 xonali kvartiralar bozorida eng past taklif Sergeli tumanida – 7 million so‘m/kv.m, eng yuqori taklif esa Shayxontohur tumanida – 57 million so‘m/kv.m sifatida qayd etilgan.
Bu iyun oyida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 3 xonali kvartiralar bo‘yicha eng arzon takliflar Yangihayot, Yashnobod va Sergeli tumanlarida kuzatilib, 1 kvadrat metr uchun 8 million so‘mni tashkil etgan. Ushbu toifada eng yuqori narx ham Shayxontohur tumani hissasiga to‘g‘ri kelib, 42 million so‘m/kv.mni tashkil qilgan. 4 xonali kvartiralar segmentida esa eng past taklif Bektemir va Yangihayot tumanlarida – 8 million so‘m/kv.m, eng yuqori taklif esa Shayxontohur tumanida – 42 million so‘m/kv.m bo‘lgan.
Qayd etilishicha, tahlil elektron savdo platformalarida e’lon qilingan taklif narxlari asosida tayyorlangan. Shu bois mazkur raqamlar amalga oshirilgan oldi-sotdi bitimlari qiymatini emas, balki bozor ishtirokchilarining narx bo‘yicha kutilmalarini aks ettiradi.
Ushbu ma’lumotlar poytaxt ko‘chmas mulk bozorida markaziy tumanlar bilan shahar chekka hududlari o‘rtasidagi narxlar tafovuti hali ham yuqori ekanini, shuningdek, xaridorlar va investorlar uchun bozor kon’yunkturasini baholashda muhim manba bo‘lib xizmat qilishini ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA