Koʻzi ojiz kitobxonlarga kitoblar yetarlimi?
Shahrixon tumani Naynavo qishlogʻida yashovchi Zokirjon Toshpoʻlatov tugʻma nogiron, koʻzlari bu yorugʻ olamni koʻra olmaydi.
Shahrixon tumani Naynavo qishlogʻida yashovchi Zokirjon Toshpoʻlatov tugʻma nogiron, koʻzlari bu yorugʻ olamni koʻra olmaydi. Lekin unga yaratgan ong-tafakkur inʼom etgan. Maxsus usulda oʻqish-yozishni oʻrgangan, kitob oʻqiydi, sheʼrlar yozadi.
– Kitob oʻqishni juda yoqtiraman, – deydi Zokirjon Toshpoʻlatov. – Shu bois, ota-onam menga brayl yozuvida chop etilgan yangi kitoblarni topib berishga harakat qiladi. Biroq, ota-onamning bunday kitoblarni topishga qiynalishlarini bilaman. Televizorda hayotimizdagi oʻzgarishlar haqida koʻp eshitaman. Qani endi chekka-chekka qishloqlarda ham biz kabi insonlar uchun Brayl yozuvida chop etilgan qiziqarli kitoblar topish oson boʻlsa? Bundan juda xursand boʻlar edim.
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining turmush farovonligini yuksaltirish, hayotidan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ogʻirini yengil qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Andijon viloyatida 8 ming nafarga yaqin koʻzi ojiz insonlar istiqomat qiladi. Bugun viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasi tomonidan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirish, qulay sharoit yaratish borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-sentyabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda koʻzi ojizlar kutubxonalari faoliyatini rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan, – deydi viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasi direktori Xolidaxon Umarova. – Dasturga asosan, mutaxassislarimiz tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni axborot-kutubxonalarga toʻliq qamrab olish uchun viloyatdagi 1-, 2- va 3-guruh nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxati shakllantiriladi. Roʻyxat asosida koʻzi ojiz nogironligi bor shaxslar yashaydigan tuman va shaharlarda koʻzi ojizlar uchun kutubxonamiz filiallarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Hozirda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Koʻzi ojizlarga moʻljallangan kutubxonalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ana shu kutubxonalarda faoliyat yuritayotgan kutubxonachilarning elektron texnika vositalari asosida xizmat koʻrsatishini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, brayl va audio kitoblar fondini boyitish, koʻzi ojiz boʻlgan kitobxonlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, kutubxonaga kela olmaydigan foydalanuvchilarga kitoblarni buyurtma asosida eltib berish, ularning taklif, fikr va mulohazalari, talablaridan kelib chiqib ishlar tashkil etilmoqda.
Ayni kunda viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasi 46 ming 234 nusxa kitob fondiga ega boʻlib, shundan 11 ming 539 nusxasi buyurtma nuqtali adabiyotlar, 8 ming 189 nusxasi elektron disk holatdagi gapiruvchi adabiyotlardir. Kutubxona kitob jamgʻarmasini yangi adabiyotlar bilan toʻldirish boʻyicha ham zarur ishlar bajarilmoqda.
Bundan tashqari, kutubxona jamoasi tomonidan koʻzi ojiz nogironligi boʻlgan foydalanuvchilar oʻrtasida “Eng faol kitobxon”, “Brayl yozuvida tez va ifodali oʻquvchi kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi koʻrik-tanlovlarni oʻtkazish, brayl alifbosida adabiyotlarni koʻpaytirish, shuningdek, audio kitoblar yaratish maqsadida ovoz yozish studiyasi tashkil etish, koʻzi ojizlar uchun internet orqali audio kitoblardan foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.
Viloyatda koʻzi ojizlar kutubxonalaridan foydalanuvchilar safi ortib bormoqda, xizmat koʻrsatish koʻlami ham kengaymoqda Bugungi kunda viloyatdagi koʻzi ojiz fuqarolarning 6 ming nafardan ortigʻi tuman va shaharlardagi mavjud 9 ta maxsus kutubxonalariga qamrab olingan.
Viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasi shahar va tumanlardagi koʻzi ojizlar kutubxonalari uchun metodik markaz hisoblanadi. Malakali mutaxassislar tomonidan ularga uslubiy va amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda. Xodimlarining bilimi, kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan tadbirlar muntazam oʻtkazilmoqda.