Klaster tizimi: qonun, amaliyot va tajriba
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan «Klasterlar faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, viloyat hokimligi vakillari, senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, fermerlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarishga, xususan qishloq xo‘jaligi sohasiga klaster tizimining joriy etilishi bugun o‘z samarasini bermoqda. Bunga Jizzax viloyati Paxtakor tumanida AQSHning “Silverleafe” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan klaster xo‘jaligining faoliyati yorqin misol bo‘la oladi.
Ushbu klaster faoliyatidagi eng muhim jihat daromad olishdan avval, katta mablag‘ sarflanayotgani, ya’ni yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni qo‘llash, ilm-fan yutuqlarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Klaster tarkibidagi fermer xo‘jaliklarida paxta hosildorligi 21 sentnerdan 30 sentnerga ko‘tarildi. Klaster tarkibida 4 ming 455 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
[gallery-2111]
Davra suhbatida mamlakatimizda klasterlar faoliyatini rivojlantirishda ustuvor yo‘nalishlar, mavjud muammolar, klasterlash jarayonining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish hamda boshqa masalalar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, zamonaviy eng ilg‘or texnologiyalarni joriy qilishda xalqaro tajribani o‘rganib, tatbiq etish, fermerlar bilan shartnomaviy huquqiy munosabatlar, investitsiya kiritish, ish o‘rinlari yaratish, eksport, mahsulotni chuqur qayta ishlash jarayonlarini qamrab olish va boshqa munosabatlarni tartibga soluvchi adolatli va qat’iy talablar belgilash lozimligini qayd etdi.
– Ishlab chiqarishni tashkil etishning eng zamonaviy usuli sifatida e’tirof etilayotgan klasterlar mamlakatimizda keng joriy etilayotir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev. – Bizning qo‘mitamiz tomonidan tuzilgan ishchi guruh klaster tizimida olib borilgan o‘rganishlar davomida bu yangi usulni joriy etishda erishayotgan yutuqlar bilan birga, qonunchilik bazasini ham mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelayotgani ma’lum bo‘ldi. bugungi davra suhbati klaster tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha muhim takliflar muhokama etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir davomida ko‘rilgan masalalar yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat), O‘zA