Klaster tizimi endi tomorqalarga kirib bormoqda
Aholi tomorqalari xalqimiz dasturxoniga asosiy iste’mol vositalarini yetkazib beruvchi lokomotiv ekanligi hech kimga sir emas.
Ammo tomorqalarda mahsulot yetishtirish natijasida olinadigan daromad ishtirok etuvchilarning barchasini qanoatlantirmoqda va daladan to‘liq xalqimiz dasturxoniga yetib kelmoqda, deya olmaymiz.
Bunga yetishtirilgan mahsulotning aniq xaridori yo‘qligi va mavsumda ayrim turdagi ekinlarni talabdan ortiq ekilishi mahsulot tannarxini juda pastlashiga va dalada nobud bo‘lib qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 10 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublika hududlarida aholi xonadonlariga (tomorqalariga) xizmat ko‘rsatuvchi “Tomorqa xizmati” MCHJlar tashkil etilib, ayni vaqtda ularning soni 400 dan oshgan.
bugungi kunga qadar, ushbu “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan aholi tomorqalariga turli xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Biroq, ularning faoliyati tahlil qilinganda “Tomorqa xizmati” MCHJlarning xonadonlarni qamrab olib xizmat ko‘rsatish darajasi juda sust ekanligi va urug‘chilikda bir qator muammolar borligi aniqlandi.
Shunga ko‘ra, aholi xonadonlariga kompleks xizmat ko‘rsatish va xonadonlarni yuqori darajada qamrab olinishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Tomorqa xizmati” MCHJlar negizida tomorqachilik klasterlari tashkil etilishi belgilab berildi.
“Tomorqa xizmati” MCHJlar negizida tashkil etilayotgan tomorqachilik klasterlarining ahamiyati shundaki, ular aholi xonadonlariga tizimli ravishda urug‘ va ko‘chat yetkazib berishdan tashqari tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish ishlarini ham to‘liq bajarishi rejalashtirilgan.
Bunda ularning faoliyat yo‘nalishlari 12 turga bo‘linib, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurib tomorqalarda dala va yopiq usulda mahsulot yetishtirish uchun hududlar joylashuviga qarab, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, minitexnikalar va dori purkagichlar orqali aholi tomorqalariga arzon narxlarda agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish belgilangan. Shuningdek, tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni yuk saqlash va muzlatgichli omborlarda saqlash, tuman va aholi gavjum markazlarda urug‘, ko‘chat va mineral o‘g‘it do‘konlarini tashkil etish, tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni qulay narxlarda xarid qilish va qayta ishlab eksportga yo‘naltirish vazifasini ham bajaradi.
Ahamiyatlisi shundaki, ushbu xizmatlarning barchasi aynan bir joyda, bir hududda kompleks tarzda amalga oshirilib, hamyurtlarimiz mazkur xizmatlardan uzluksiz ravishda foydalanishlari mumkin.
Har bir “Tomorqa xizmati” MCHJ negizida tashkil etilgan tomorqachilik klasteri tuman aholisining kamida 15 ming xonadonini qamrab olib, xizmat qilish imkoniyatiga ega.
Dastlabki 25 ta tomorqachilik klasterini tashkil etilishi natijasida 800 dan ortiq ish o‘rinlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, dastlabki bosqich loyihalari ishga tushishi natijasida yiliga 600 ming AQSH dollarilik mahsulot eksporti amalga oshirilishi, nobud bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 15 ming tonnadan (yiliga) ortiq mahsulot muzlatkich omborlarida zaxira qilinishi, 50 ming gektar yer maydoni ekish ishlari uchun arzon narxlarda haydab berilishi, yiliga 90 ming tonna mahsulot qayta ishlanishi kutilmoqda.
bugungi kunga qadar, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 19 ta “Tomorqa xizmati” MCHJga mazkur loyiha doirasida 48 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Mazkur loyihalar soni 2021 yil yakuniga qadar 75 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
F.Xamrayev, M.O‘rozov,
O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassislari
O‘zA